Braziliyalik futbol afsonasi Pele 82 yoshida vafot etdi, deya xabar berdi AP. U futbolchi sifatida yagona uch karra jahon chempioni bo‘lgan.

Pelening qizi Keli Nasimento Instagram`da shunday deb yozdi: «Biz siz tufayli o‘zimizni topdik. Biz sizni cheksiz darajada sevamiz. Joyingiz jannatda bo‘lsin».

«Futbol qiroli» 2021 yilning sentabrida yo‘g‘on ichak o‘simtasini olib tashlash bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi va deyarli bir oy kasalxonada yotdi, shundan so‘ng u bir necha bor kasalxonaga qaytdi. Noyabr oyi oxirida futbolchi remissiyaga erisha olmagani, shuningdek, koronavirus sababli kuchaygan respirator infeksiyasi tufayli saraton terapiyasini o‘tkazish uchun yana kasalxonaga yotqizilgan edi.

22 dekabr kuni shifokorlar Pelening saratoni avj olgani, yurak va buyraklar faoliyatining buzilishi ham aniqlangani haqida xabar berishdi.

Avvalroq futbolchining yaqinlari u bilan xayrlasha boshlagandi. Braziliyada ular Pelening dafn marosimiga hozirlik ko‘rishni boshlashdi.

Pele Braziliya terma jamoasi safida uch marta jahon chempioni (1958, 1962, 1970) bo‘lgan, 92 ta o‘yin o‘tkazgan va 77 ta gol urgan. Argentinalik Diyego Maradona bilan birgalikda u FIFA tomonidan XX asrning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan.