Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 dekabr kuni ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, hukumat tarkibi va ish tizimini o‘zgartirish masalalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2023 yildagi eng muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda kelgusi yilda iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi. Xususan, sanoatda 5 foizdan, qishloq xo‘jaligida 3 foizdan va xizmatlar sohasida 14 foizdan ziyod o‘sishga erishish maqsadi belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga biznes uchun sharoitlarni yaxshilash hamda soliq bazasini kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yirik tarmoqlarda natijadorlikni oshirish, sanoat bormagan tumanlar salohiyatini o‘rganib, ularning «o‘sish nuqtalari»ni ishga solish vazifalari qo‘yildi. Iqtisodiyotni faqat investitsiya va eksport oldinga tortishi, kelgusi yil eksport hajmini 23 mlrd dollardan oshirish zarurligi ta’kidlandi. Umumiy qiymati 8 mlrd dollarlik 300 dan ziyod loyiha ishga tushirilishi va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanishi qayd etildi.

Transport sohasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini yaxshilash, barcha yo‘llarning raqamli xaritasini ishlab chiqish, yo‘llarda servisni ko‘paytirish choralari belgilandi.

Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fan, turizm, madaniyat va sportni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtikada korrupsiyani yo‘q qilish, davlat qaramog‘iga muhtoj bemorlar bilan tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.

«Vazirlar izlanishi, butun tizimi bilan amalda o‘zgarish qilishi kerak. Hammamiz oddiy va fidoyi bo‘lib, xalqni sevib, qattiq mehnat qilishimiz zarur. Pirovard maqsadimiz — xalqimizni rozi qilish», — dedi prezident.