Toshkentda shamollashga qarshi siropdan iste’mol qilinganidan so‘ng buyrak yetishmovchiligi belgilari paydo bo‘lgan yana bir bola vafot etdi. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar reanimatsiyasi bo‘limi mudiri Alisher Mustaqimov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

29 dekabr kuni «Gazeta.uz» markazga tashrif buyurdi, internetdagi xabarlarga ko‘ra, shamollashga qarshi sirop berilgan yana 16 nafar bola kasalxonaga yotqizilgan. RSHTYOIM shifoxonasiga yotqizilgan turli viloyatlardan kelgan bolalarning ota-onalari so‘nggi bir necha kun ichida Jizzax va Navoiy viloyatlaridan ikki nafar bola vafot etgani haqida xabar berishdi.

Ammo Alisher Mustaqimov faqat bitta o‘limni tasdiqladi.

«Kecha (28 dekabr kuni) Jizzax viloyatidan kelgan bemor vafot etdi… 3−4 kun ichida faqat bir bemor vafot etdi, bundan boshqa hozircha vafot etganlar bo‘lmadi. Unda shamollashning o‘tkir respirator infeksiyasi hisobiga buyrak yetishmovchiligi holati yuzaga kelgan. Bola to‘rt yoshda edi», — dedi u.

U dori nomini aytmadi, lekin bola paratsetamol bo‘lgan dori ichganini qayd etdi.

RSHTYOIMda kasalxonaga yotqizilgan boshqa bolalarda ham yo‘tal va shamollashga qarshi siropdan keyin buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan.

Avvalroq Hindistonda ishlab chiqarilgan «Dok-1 Maks» siropini qabul qilgandan so‘ng, sentabr oyidan beri kamida 19 bola vafot etgani xabar qilingandi. Uning tarkibi paratsetamol, gvayfenezin va fenilefrina gidroxloriddan iborat. Sirop partiyasini tekshirishda unda etilenglikol borligi aniqlandi. Dori sotuvdan olib tashlangan.