Qalin tuman tushishi sababli 30 dekabr kuni Toshkent va Andijon xalqaro aeroportlari ishi cheklandi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports axborot xizmati.

Xususan, Toshkent aeroportida quyuq tuman tushib, ko‘rinishning yomonlashishi (250 m) Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskva-Toshkent reysi Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘naltirilishiga sabab bo‘ldi. Jidda-Toshkent reysi esa Navoiy xalqaro aeroportiga yo‘naltirildi. Ob-havo yaxshilangach, bort yo‘lovchilar bilan poytaxt aeroportiga uchib keldi.

Andijon aeroporti ham noqulay ob-havo sharoiti tufayli vaqtincha yopildi. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent-Andijon va Andijon-Samarqand reyslari Farg‘ona aeroportidan o‘zgartirilgan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi. Andijon aeroporti rahbariyati tomonidan yo‘lovchilar uchun Farg‘ona aeroportiga transport tashkil qilindi.