Buyuk Britaniyaning Oxford Insights konsalting kompaniyasi va Kanadaning Xalqaro tadqiqotlarni rivojlantirish instituti hukumatlarning sun’iy intellektga tayyorlik indeksi bo‘yicha 2022 yilgi natijalarni e’lon qildi.

O‘zbekiston ushbu indeksning 2022 yilgi hisobotida 44,51 ball bilan 181 ta mamlakat ichida 79-o‘rinni egallab, 2021 yilga nisbatan 14 pog‘ona yuqorilagan.

рейтинг, sun’iy интеллект, ўзбекистон

Infografika: Government Artificial Intelligence Readiness Index

Yillar kesimida qaralganda O‘zbekiston

  • 2019 yilda 194 ta mamlakat orasida 158-o‘rinda;
  • 2020 yilda 172 ta mamlakat orasida 95-o‘rinda;
  • 2021 yilda 160 ta mamlakat orasida 93-o‘rinda qayd etilgan.

O‘zbekiston indeksning «hukumat» yo‘nalishi bo‘yicha 49,90 ball bilan 68-o‘rinni, «texnologik salohiyat» yo‘nalishi bo‘yicha 24,45 ball bilan 121-o‘rinni hamda «ma’lumot va infratuzilma» yo‘nalishi bo‘yicha 59,17 ball bilan 70-o‘rinni egallagan.

Ushbu reytingda AQSh (85,72 ball), Singapur (84,12 ball), Buyuk Britaniya (78,54 ball), Finlyandiya (77,59 ball), Kanada (77,39 ball), Janubiy Koreya (76,76 ball), Fransiya (75,78 ball), Avstraliya (75,29 ball), Yaponiya (75,25 ball) hamda Niderlandiya (75,11 ball) top-10 talikdan joy olgan.

MDH davlatlari o‘rtasida O‘zbekiston nisbatan quyi o‘rinda qayd etilib, tashkilotga a’zo 9 mamlakat ichida 4-o‘rinni egallagan. Mamlakat a’zo davlatlar orasida indeksning biror yo‘nalishi bo‘yicha yetakchilikni qo‘lga kirita olmagan. Texnologik salohiyat yo‘nalishida esa quyi o‘rinlarning birida qayd etilgan.

Bundan tashqari, indeksdagi jami 39 ta ko‘rsatkichdan 21 tasida O‘zbekiston 100-o‘rindan quyi pog‘onalarni egallagan Xususan, muhandislik va texnologiya oliy ta’lim sifati (170-o‘rin), STEM bo‘yicha ayol bitiruvchilar (167-o‘rin), tadqiqot va ishlanmalar xarajatlari (155-o‘rin), Venchur kapitalining mavjudligi (147-o‘rin) ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoning eng qoloq mamlakatlari bilan bilan bir qatordan joy olgan.

Ma’lumot uchun, indeks (Government Artificial Intelligence Readiness Index) 2017 yildan buyon har yili e’lon qilib boriladi. Unda mamlakatning sun’iy intellektga tayyorgarlik darajasi 3 ta yo‘nalish va 39 ta ko‘rsatkich yordamida aniqlanadi. Bu ko‘rsatkichlar 10 ta guruhga bo‘linadi. Indeks faqat yo‘nalishlar va ko‘rsatkichlar asosida hisoblanadi, guruhlar bo‘yicha mamlakatlarning o‘rni aniqlanmaydi.