Hayit, Navro‘z, Mustaqillik va Yangi yil kabi umumxalq bayramlari arafasida oilasi bag‘riga oshiqqan minglab odamlar poytaxtdan viloyatlar tomon yo‘lga chiqadi. Bu vaqtda transportga bo‘lgan talabning karrasiga oshishi chipta yetishmovchiligi va narx oshishini keltirib chiqaradi. An’anaga aylanib qolgan ushbu holat bo‘yicha aholi e’tirozlari joriy yilgi Yangi yil bayrami arafasida gaz yonilg‘isi yetishmovchiligi bilan bog‘liq vaziyat sabab ayniqsa dolzarbroq ko‘rinish oldi. «Gazeta.uz» muxbirlari Toshkentning temiryo‘l va avtovokzallarida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi.

«Kuniga 1,5−1,8 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilmoqda»

Toshkentdan viloyatlarga avtobus va taksi qatnovlari amalga oshiriladigan avtovokzal majmuasini tasarruf etuvchi Uzavtovokzal Servis unitar korxonasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Farhod Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, 5 dekabrdan boshlab yo‘lovchilar oqimi ortgan.

«Dastlab 8 dekabr, keyin Yangi yil bayrami arafasida yo‘lovchilar soni keskin ko‘paydi. Kuniga 8−12 tagacha avtobus qo‘yilyapti va sutkasiga 1,5 ming-1,8 ming kishiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Navoiy va Buxoro viloyatlari, Surxondaryoning Termiz shahri va Uzun, Denov tumanlariga qo‘shimcha avtobus reyslari tashkil qilingan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Transport vazirligi qoshidagi inspeksiya va ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda narxlarning asossiz oshirilishining oldini olish bo‘yichahtadbirlar ham o‘tkazilmoqda. «Ko‘chalardagi taksistlar bilan ham tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Avtobuslar ehtiyojga, yo‘lovchilar oqimiga qarab, qo‘yib berilmoqda», — dedi Farhod Yo‘ldoshev.

Ta’kidlanishicha, narxlarni sun’iy ravishda oshirish holatlariga guvoh bo‘lgan yoki bevosita shunday jarayon ishtirokisiga aylangan fuqarolar tunu kun ishlaydigan Call-markaz — 71 207 87 00 raqamiga qo‘ng‘iroq qilsa, darhol qat’iy choralar ko‘riladi.

«Qo‘shimcha vagonlar ulanib, yo‘lovchilar manziliga yetkazilmoqda»

O’ztemiryo’lyo’lovchi kompaniyasi boshqarma boshlig‘i Husan Malikovning ta’kidlashicha, Yangi yil bayramiga yaqin poyezd chiptalariga bo‘lgan talab oshgan.

«Bayram yaqinlashgan sari Toshkentdan respublikaning barcha hududlariga yo‘lovchilarning qaytishi keskin ortishi sababli temiryo‘l chiptalariga ham talab kundan-kunga oshib bormoqda. Bu borada barcha yo‘nalishlarga yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolar bugungi kun uchun chipta topa olmasa, ertasiga ular albatta chipta xarid qilishi mumkin, bu borada amaliy ishlar qilinmoqda», — dedi Malikov.

Uning qayd etishicha, barcha yo‘lovchi poyezdlarga 4−5 tadan vagonlar ulanib, yo‘lovchilar manziliga yetkazilmoqda.

«O‘tgan yili bayram arafasida kuniga o‘rtacha 13 mingga yaqin yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, bu yilda mazkur raqam 16 ming nafarni tashkil etmoqda. 2022 yil 28 dekbr holatiga ko‘ra, 47 mingdan ortiq talaba 50 foizli chegirma asosida chipta sotib olgan. Shundan 23 mingga yaqini onlayn xarid qilgan», — dedi u.

Reportajni «Gazeta.uz»ning YouTube`dagi rasmiy sahifasi orqali to‘liq tomosha qilish mumkin: