Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tuman va viloyat xalq ta’limi bo‘limlarini tanqid qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari har bir bolaning istagidan kelib chiqib, uning talabiga ko‘ra ta’lim berishni o‘rganish kerakligi, bola o‘ziga nima qiziq ekanini yaxshi bilishi, unga hamma fanni birdek o‘rgatishni to‘xtatib, qiziqish sohasiga urg‘u qaratish lozimligini bildirdi.

««RayONO» va «oblONO» siz uchun prokuror. Bu ikki tashkilotni yo‘q qilishni istayapman, maktablarning o‘zi «rayONO» va «oblONO» bo‘lishlaring kerak. O‘rtadagi boshqa pog‘onalar nimaga kerak? Ular bo‘lgani uchun o‘qituvchi qadam qo‘ya olmaydi. Buni sindiradigan vaqt keldi. Tartib kerak, albatta, ammo buning uchun vazirlik bor. Bizda hamon eski tizim saqlanib qolmoqda. Maktab aslida «gorONO»ga xo‘jayinlik qilishi kerak. Biz eski tizimga moyillik qilamiz, «rayONO» nima desa, shuni qilamiz. Zamon o‘zgarmoqda, kechirasizu, qishloq xo‘jaligida paxtaga tizim o‘zgartirdik. Endi paxta ham, tizim ham ishlamoqda», — dedi prezident.

Avvalroq prezident Xalqaro kongress markazida boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan darsliklar taqdimoti bilan tanishgach, o‘qituvchilar bilan suhbatlashgandi. Davlat rahbari bolalarning ta’lim jarayonida ota-onalarning ham mas’uliyatini oshirish kerakligini ta’kidlab, bunda o‘zini shaxsiy misol qilib ko‘rsatgandi.