Yangi yil bayrami kunlari Toshkent metropoliteni ham poyezdlar qatnovi hamda metro ishlash vaqtini uzaytirdi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

31 dekabr shanba dam olish kuni metropoliten doimiy jadval asosida ish faoliyatini olib boradi. Ish vaqtining tugashi esa 1 soatga uzaytiriladi, ya’ni barcha metro bekatlari 31 dekabr soat 05:00 dan 1 yanvar soat 01:00 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, 2023 yil 1−2−3 yanvar kunlari metro poyezdlari yakshanba kuni uchun tasdiqlangan jadval asosida soat 05:00 dan 00:00 gacha harakatlanadi.

Avvalroq, “Toshshahartransxizmat” poytaxtda 31 dekabr — avtobuslar soat 00:00 gacha harakatlanishini ma’lum qildi. Avtobuslar 2 yanvar kuni yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadval asosida, 3 yanvar kuni esa shanba kunlari uchun tasdiqlangan jadval asosida harakatlanadi.