Qashqadaryo viloyatida Lacetti voyaga yetmagan bolani urib ketgan. Jabrlanuvchi vafot etgan. Mashina video kamerasidagi tasvir ko‘rib chiqilgandan so‘ng haydovchi aybsiz deb topilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 24 avgust kuni soat taxminan 08:30 larda fuqaro T.E. boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasini «Qarshi-Tallikuron-Jeynau-Pomuq» avtomobil yo‘lidan Qarshi shahri tomon boshqarib borib, ushbu yo‘lning Qarshi tumani «Tallikuron» MFY hududidan o‘tgan 10−11-km oralig‘ida yo‘lni chap tomonidan o‘ng tomoniga yugurib kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan U.M.ni avtomashinasini old chap tomoni bilan urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Oqibatda voyaga yetmagan U.M. jarohat olib, hodisa joyda vafot etgan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Qarshi tuman IIB navbatchilik qismida qayd etilib, shu vaqtning o‘zida hodisa sodir bo‘lgan joy Qarshi tumani IIB huzuridagi tergov tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish davomida, Lacetti avtomashinada mavjud qayd etish video kamerasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur yo‘l-tranrsport hodisasi bo‘yicha haqiqiy holatni aniqlab, qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlash maqsadida 24 avgustda Qarshi tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha fuqaro T.E.ga tegishli bo‘lgan Lacetti avtomashinasining qayd etish video kamerasining xotira chipi ko‘zdan kechirilganida, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishiga qadar voyaga yetmagan U.M. yo‘lning Kasbi tumani yo‘nalishi bo‘yicha chetida qarindoshlari X.S. va voyaga yetmagan T.Z. bilan birga turgan va u Kasbi tumani yo‘nalishi tomon harakatlangan Lacetti avtomashinasini o‘tkazib yuborib, qarama-qarshi, ya’ni Qarshi shahar yo‘nalishi tomon harakatlanib borayotgan fuqaro T.E. boshqaruvidagi avtomashinani kelayotganiga e’tibor qaratmasdan (o‘tkazib yubormasdan) yo‘lning narigi tomoniga o‘tish uchun yugurgani oqibatida haydovchining harakat yo‘nalishida yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha sudga oid tibbiyot va avtotexnik ekspertizalari tayinlangan.

X.S.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limining 21 sentabrdagi ekspertiza xulosasida:

  • voyaga yetmagan piyoda yo‘lning chap qismida harakatini boshlab, uni avtomobil urib yuborgan joygacha 1,0 sekund vaqtda bosib o‘tgan bo‘lsa, Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi tormoz berish yo‘li bilan hodisani oldini olish texnik imkoniyatiga ega bo‘lmagan;
  • Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi qarorda ko‘rsatilgan tezlikda harakatlanib, yo‘nalishi bo‘yicha chapdan o‘ngga yugurib chiqqan voyaga yetmagan piyodani 10,0 metr uzoq masofadan ko‘rib, tormoz berish yo‘li bilan hodisani oldini olish uchun texnik imkoniyatiga ega bo‘lmagan;
  • ushbu vaziyatda Lacetti rusumli avtomobil haydovchisining harakatlari «Yo‘l harakati qoidalari»ning 77-bandi talablariga mos bo‘lgani ta’kidlangan.

Ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qilgan marhum voyaga yetmagan U.M. ning otasi M.N. yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan yo‘lda 3.24 (30 km/soat tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanish taqiqlanadi) yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramasdan, haydovchi katta tezlikda kelib, o‘g‘lini urib yuborganini ma’lum qilgan.

Biroq, ushbu yo‘lga xizmat ko‘rsatuvchi «Qashqadaryo yo‘llaridan muntazam foydalanish» UKning ma’lumotnomasida, 4R-92 «Qarshi- Tallikuron-Jeynau-Pomuq» avtomobil yo‘lining Qarshi tumani «Tallikuron» MFY hududidan o‘tgan 10−11-km.da 3.24 (30 km/soat tezlikdan yuqori harakatlanish taqiqlanadi) yo‘l belgisi 2022 yilning 5 sentabr kuni, ya’ni hodisa sodir bo‘lgan kundan keyin o‘rnatilgani qayd qilingan.

Fuqaro T.E. harakatlarida jinoyat alomatlarini borligini ko‘rsatuvchi dalillar aniqlanmganligi sababli, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 29 sentabrda Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan tugatilgan.

Jinoyat ishi tuman prokuraturasi tomonidan 8 oktabrda nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, Qarshi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasining jinoyat ishi tugatish to‘g‘risidagi qarori asosli deb topilgan.