O‘zbekiston prezidenti 24 dekabr «Samarqand viloyatining turizm va transport salohiyatidan samarali foydalanish, viloyatni «Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» konsepsiyasi asosida rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, Samarqandda 2023 yilda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkaziladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston hududlari va xorijiy mamlakatlarda «Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turistik darvozasi» mavzusida targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazilib, shaharning turistik salohiyati, Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlari namoyish etiladi.

Samarqand viloyatini avia, temir yo‘l va avtomobil transporti bilan bog‘langan hamda aeroportni respublika hududlari bilan bog‘lash imkonini beruvchi yirik transport-logistika xabiga aylantirish rejalashtirilgan.

Samarqand aeroportda xorijiy aviatashuvchilar uchun muqobil joylashtirish (bazirovka) tizimini joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, Samarqand aeroportida:

  • 2030 yil 1 yanvarga qadar xorijiy aviakompaniyalarning parvozlarini amalga oshirish uchun Aeroportni boshqarish bo‘yicha xususiy sherik (keyingi o‘rinlarda — xususiy sherik) ham ruxsatnoma olish uchun Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligiga iltimosnoma bilan murojaat qiladi;
  • uchish uchun ruxsatnomani berish masalasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun xorijiy aviakompaniyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar topshirilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 96 soat davomida, charter parvozlar uchun esa 24 soat davomida ko‘rib chiqiladi;
  • turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun turizm axborot markazlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari:

  • belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlarga asosan 4 yulduzli va undan yuqori toifaga ega bo‘lgan mehmonxonani tashkil qilish va/yoki faoliyatini amalga oshirish uchun asbob-uskunalar, maxsus texnikalar, yoqilg‘i-moylash materiallari, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlari, xomashyo va materiallar, o‘simliklar, mebel, inventarlar va boshqa zarur bo‘lgan tovarlarni olib kirganda bojxona bojini to‘lashdan;
  • Samarqand turistik markazi hududida obyektlarni qurish uchun «vaqtincha olib kirish» bojxona rejimiga olib kiriladigan maxsus texnikalar, mexanizmlar va texnologik uskunalar uchun davriy bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi.

Samarqand viloyatining Payariq, Samarqand va Toyloq tumanlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi PQ-104-son qarori bilan tasdiqlangan Mehmonxona (joylashtirish), savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladigan tuman va shaharlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Transport vazirligiga 2023 yil 1-sentabrga qadar tadbirkorlik subyektlari va investorlarni jalb qilgan holda shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda avtobuslar qatnovi tizimini yaratish hamda unga Uzbus platformasi orqali chiptalar xarid qilish tartibini ta’minlash topshirildi.