Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sirdaryo viloyatida yosh qizaloq maktabdan qaytishda daryodan qayiq orqali suzib o‘tayotgani aks etgan video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Unda qizaloq daryoning bir qirg‘og‘idan ikkinchisiga yolg‘iz o‘zi suzib o‘tayotganini ko‘rish mumkin. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, videoda aks etgan holat ishtirokchisi — Zamira To‘ychiyeva Toshkent viloyati Bekobod tumani Yangi hayot mahallasida yashaydi.

«U maktabi uyidan 40 kilometr uzoqlikda bo‘lgani sababli nisbatan yaqin hudud — Guliston tumanidagi maktablarning biriga qayiq oraqali ota-onasi nazoratida suzib boradi. Tarqalgan videoda faqat shu safar yolg‘iz o‘tishga to‘g‘ri kelib qolgan», — dedi vazirlik xodimi.

Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmal Maxmudaliyev qizning onasi bilan uchrashib, Zamira To‘ychiyevaga o‘qishda foydalanishi uchun noutbuk, kitoblar jamlanmasi hamda yangi yil sovg‘alarini bergan.

daryo, сирdaryo

Shuningdek, hokimning tegishli ko‘rsatmasi bilan hokimiyat mas’ullari, viloyat FVB boshlig‘i, Bekobod tumani hokimi hamda mutasaddi tashkilotlar qizning xonadonida bo‘lgan. Mas’ullar qizning oila a’zolari bilan suhbatlashib, daryodan xavfsiz o‘tishlari bo‘yicha tavsiyalarni bergan.

daryo, сирdaryo

FVV matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev nazoratida qiz va uning oila a’zolarini daryodan xavfsiz o‘tishlarini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini bog‘lovchi maxsus uskunali tros tortilishi belgilangan.