Bayram kunlari iste’molchilarga yoqilg‘i-energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berilishi uchun zarur choralar ko‘riladi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, neft-gaz va ko‘mirni qazib chiqarish, elektr energiyasi hamda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha korxonalarda maxsus shtablar tashkil etildi.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlar barqaror ishlashini ta’minlash uchun kuniga o‘rtacha 47−48 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shuningdek, stansiyalar uchun 70 ming tonna mazut va 230 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, hududlardagi barcha ko‘mir omborlariga ko‘mir mahsulotini uzluksiz yetkazib berish ta’minlanadi.

Bayram kunlari iste’molchilarga kuniga o‘rtacha 155 mln kub metr tabiiy gaz, 2 ming tonna suyultirilgan gaz, 5000 tonna avtobenzin, 5000 tonna ko‘mir hamda 235 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilishi ta’minlanadi.

«Ta’kidlash kerakki, bayram kunlari, jumladan, yangi yil bayramida elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada pasayadi. Chunki ta’lim muassasalari va bir qator ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtadi. Shu munosabat bilan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining asosiy qismi aholiga va ayrim ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltiriladi», — deyiladi xabarda.

Bu borada iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegram`dagi (@HET_admin) administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook`dagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78−148−30−03, 71−244−38−28 telefon raqamlari va Telegram`dagi @Uzbekcoaluz_bot botga murojaat qilishlari mumkin.

«Qayd etish kerak, bayram kunlarida aholi iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlik uchun tarmoqdan ajratilmaydi. Eslatib o‘tamiz, iste’molchilar ushbu resurslar uchun bayram kunlari ham onlayn ravishda to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Yangi yil bayramida o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun dam oladi. Ya’ni ish kunidan qat’i nazar barcha xodimlarga 31 dekabrdan 3 yanvargacha dam olish kuni beriladi.