Adliya vazirligida 27 dekabr kuni «Ommaviy axborot vositalarida huquq» tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov g‘olibligiga nomzodlar noodatiy usulda, ya’ni jamoatchilik faollari va ekspertlardan iborat komissiya tomonidan nomzodlar taqdim etilib, bosma, elektron OAVda, tele-radio efirlarda va shaxsiy bloglarda nihoyasiga yetayotgan 2022 yil davomida e’lon qilingan materiallar orasidan tanlab olindi.

Foto: Adliya vazirligiFoto: Adliya vazirligi

Huquqni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi jurnalistik material nominatsiyasida birinchi o‘rin «Gazeta.uz» bosh muharriri Azamat Atajanov bilan hammualliflikda yozilgan «Nukusdagi vaziyat: tinch, ammo xavotirli» reportaji va inson huquqlari, huquqni qo‘llash, huquqiy targ‘ibot sohasidagi turkum maqolalari uchun jurnalist Shuhrat Latipovga berildi.

Ikkinchi o‘ringa sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohatlarni yoritib borish yuzasidan chiqarilgan maqolalari uchun Kun.uz sayti muhbiri Jamshid Niyozov loyiq ko‘rildi.

Uchinchi o‘rin bilan XXI ASR gazetasi bo‘lim mudiri Nurxon Elmirzayeva «Panjara ortida aytilgan haqiqat» nomli maqolasi uchun taqdirlandi.

«Huquqni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi blogpost» nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa mehnat qonunchiligi hamda davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunlarni keng jamoatchilikka yetkazishdagi materiallari uchun «Yuristkadr» Telegram kanali asoschisi Saidali Muxtoraliyev loyiq ko‘rildi.

Ikkinchi o‘rinni Bakiroo Telegram kanali asoschisi Otabek Bakirov «O‘zbekiston qonunlari ishlamaydigan qishloq xo‘jaligi haqida» posti uchun, uchinchi o‘rinni yurist bloger Sherzod Egamberdiyev aholining huquqiy ongini oshiruvchi turkum kontentlari uchun egalladi.

Mamlakatda qabul qilinayotgan qonunchilikdagi yangiliklar, ijtimoiy-siyosiy hamda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohatlarni aholiga xolis va tezkor yetkazishda munosib hissa qo‘shayotgan Sevimli kanalining Zamon dasturi «Adliya e’tirofi»ga sazovar bo‘ldi.

Foto: Adliya vazirligiFoto: Adliya vazirligi

Adliya vazirligi, shuningdek, jamiyatda ochiqlik, huquq va qonun ustuvorligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar bilan hamkorlikni davom ettirishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» «Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar» tanlovining «Adliya e’tirofi» nominatsiyasida g‘olib deb topilgan edi.