O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev seshanba kuni Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash xodimlari vazirlikdan «Dok-1 Maks» siropini qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotni yashirganini aytdi.

«„Dok-1 Maks“ dorisining me’yoridan ortiqcha iste’moli natijasida bu dunyodan 18 jajji va go‘dak farzandlarimiz ko‘z yumdi. Ularning ota-onalariga Sog‘liqni saqlash vazirligi va barcha tibbiyot xodimlari nomidan o‘zimizning ta’ziyamizni bildiramiz», — deya qayd etdi vazir.

«Mazkur ma’lumot viloyat tibbiyot xodimlari tomonidan vazirlikdan yashirilgan. Ushbu ma’lumotga ega bo‘lishimiz bilan o‘sha kunning o‘zidayoq maxsus ishchi guruhi tuzilib, huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda joyiga chiqib har bir holat o‘rganildi», — deya bildirdi SSV rahbari.

«Hozirgi kunda dori vositasini respublikamizda ro‘yxatdan o‘tgan uni mamlakatimizga olib keltirgan va sotuvda ishtirok etgan bir qancha shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hibsga olindi.
Ushbu holatga panja orasidan, o‘z vazifasiga loqaydlik bilan bee’tibor bo‘lgan, kerakli choralarni vaqtida ko‘rmagan tibbiyot xodimlarining mas’ul shaxslari o‘z lavozimidan ozod etildi», — dedi Behzod Musayev.

«Ming afsuski, bu ko‘rilgan choralar bolajonlarni hayotga qaytarmaydi, albatta. Farzand dog‘ida kuygan ota-onalarning dardini yengillashtirmaydi», — deya ko‘zlarini yerga tikdi vazir.

«Ushbu ishga aloqador farmatsevtika xodimi bo‘ladimi, dorixona xodimi bo‘ladimi, shifokor bo‘ladimi, hali hammasi javobgarlikka qonun oldida tortiladi. Bunga hech qanday murosa bo‘lishi mumkin emas», — deya ta’kidladi vazir.

«Yana bir bor ushbu fojia ortidan o‘z farzandidan, jajji bolajonidan ayrilgan ota-onalar va ularning yaqinlari oldida ularni asrab qololmaganimiz uchun o‘zimizning uzrimizni bildiramiz», — deya uzr so‘radi SSV rahbari.