Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ)da sinov tarzida gaz-turbinali dvigatellar uchun JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi partiyasi ishlab chiqarildi, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu yoqilg‘i Yevropa sifat standartiga javob beradi va xalqaro aviatsiya bozorida, jumladan Airbus va Boeing samolyotlarida unga talab juda yuqori, deyiladi xabarda.

FNQIZ tomonidan ishlab chiqarilgan JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi Butunrossiya neftni qayta ishlash ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkaziladigan malaka sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu sinovlardan so‘ng ishlab chiqarish texnologiyasi tasdiqlandi hamda hozirda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan muvofiqlik sertifikati olindi.

JET A-1 yoqilg‘i ishlab chiqarish metodologiyasi ASTM texnologiya standarti (AQSh) asosida ishlab chiqilgan mahsulotdir. ASTM asosida texnologik jarayonni tashkil etish uchun FNQIZga 3 mln dollarlik maxsus laboratoriya jihozlari keltirildi. Laboratoriya akkreditatsiyadan o‘tkazilgani haqida tegishli attestatlar olindi.

«Muvofiqlik sertifikatining qo‘lga kiritilishi zavodning yuqori sifatli va zamonaviy aviayoqilg‘i ishlab chiqarish qobiliyatidan dalolat beradi. Mahsulot barcha belgilangan standartlar va e’lon qilingan texnologiya talablariga mos keladi», — dedi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakili Alisher Dudoyev.

FNQIZ texnologik qurilmalarining konfiguratsiyasi aviakerosin ishlab chiqarish hajmini oyiga 8000 tonnagacha oshirish va kelajakda mahalliy hamda xorijiy ayeroportlarga yetkazib berishni ko‘paytirish imkonini beradi.

«Yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish Farg‘ona NQIZni modernizatsiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Mamlakatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonni xalqaro transport markaziga aylantirish bo‘yicha e’lon qilingan vazifalardan kelib chiqqan holda, FNQIZ yuqori sifatli xomashyoni ishonchli yetkazib beruvchisiga aylanishga tayyor. Biz mahalliy ayeroportlarga aviakerosinni yetkazib berish geografiyasini yaratishni hamda xalqaro havo kemalariga O‘zbekistonda yuqori sifatli mahalliy yoqilg‘i quyib olish imkonini yaratishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi FNQIZ direktori Habib Latipov.

Hozirgi vaqtda FNQIZda yangi turdagi aviatsiya yoqilg‘isini sanoat ishlab chiqarishini ta’minlash ustida ish olib borilmoqda.