Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni O‘zbekiston parlamenti va xalqiga murojaat qilarkan, Samarqand va Namangan shaharlarini alohida ma’muriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazishni taklif qildi.

Aholisi soni millionga yaqinlashayotgan bu shaharlar ham endi «o‘sish nuqtalari»ga aylanadi: Samarqand — turizm va biznes markaziga aylansa, Namangan esa «sanoat, tadbirkorlik, ta’lim, madaniyat markazi» bo‘ladi, dedi davlat rahbari. Har ikkala shaharni rivojlantirish uchun, xuddi Toshkentdagi kabi, bevosita bosh vazir mas’ul bo‘ladi va har yili prezidentga hisobot beradi.

«Gazeta.uz» respublika bo‘ysunuviga o‘tish nimani anglatishi hamda bu yangilik shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida va aholisi hayotida nimalarni o‘zgartirishi mumkinligi haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi.

Urbanizatsiyaning afzalliklari

Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar bevosita Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qo‘mitasi katta referenti Azamat Ne’matullayev «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Yurist va mustaqil tadqiqotchi Eldor Hamroyevning ta’kidlashicha, prezidentning taklifi ma’qullanishi bilan Samarqand va Namangan, xuddi Toshkent kabi, viloyatlar tarkibidan chiqariladi hamda alohida maqom va alohida boshqaruvga ega bo‘ladi.

Uning fikricha, maqomning o‘zgarishi ushbu hududlarning urbanizatsiyalashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. «Millioner» shaharlar odamlarni o‘ziga ko‘proq jalb qiladi, ularda xizmatlar yaxshiroq rivojlanadi, ish o‘rinlari ko‘proq bo‘ladi.

«Markaziy Osiyo hududida eng birinchi yirik, ya’ni „millioner shahar“ maqomiga Toshkent shahri 1960 yillarda erishgan. O‘sha paytda yurtimiz aholisi 8 mln kishidan sal ko‘proq bo‘lgan. Bugun esa aholimiz soni 36 mln kishiga yetdi. Lekin haligacha odamlar ish, o‘qish, davolanish, dam olish, biznes qilish uchun intiladigan shahar, ya’ni „tortuvchi markaz“ — Toshkent bo‘lib qolmoqda», — dedi Eldor Hamroyev.

«Bu orada mintaqamizda aholisi milliondan oshgan shaharlar soni yettitaga yetdi. Bunday shaharlar mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega, bu nazariy jihatdan ham, tarixdan ham o‘z tasdig‘ini topgan», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shaharlar maqomining o‘zgarishi ularning boshqaruv samaradorligini ham oshirishi kerak. «Ma’muriy-hududiy birliklarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad — boshqaruvni, davlat organlarini xalqqa yaqinlashtirish, aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatish», — deya qayd etib o‘tdi Eldor Hamroyev.

Namanganda 2020 yildan beri ikkita — Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari tashkil etildi. Samarqand shahri tarkibida ham tumanlar tashkil etish tashabbusi ilgari surilmoqda. «Maqsad — tobora ko‘payib borayotgan aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish».

Ayni vaqtda, bu holat yuridik jihatdan bir qator savollarni keltirib chiqaryapti, dedi u. Hozirgi vaqtda qonunchilikka shaharlar tarkibida ham tumanlar tashkil etishga imkon beradigan o‘zgartishlarni kiritgandan ko‘ra shaharlarni poytaxt kabi respublika bo‘ysunuviga o‘tkazish «juda to‘g‘ri va mantiqiy qaror hisoblanadi», deya qayd etib o‘tdi ekspert.

Va nihoyat, shaharlarning maqomini o‘zgartirishdan u yerdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ya’ni, shaharlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ham maqsad qilingan. «Bu yerda davlat biznesga o‘ziga xos „signal“ beryapti: „O‘zbekistonda yana ikkita shahar Toshkent kabi alohida maqomga ega bo‘ladi, ular tez orada yanayam rivojlanadi, aholi soni oshadi“,. deyapti. Transport-logistika jihatdan ham shunday», — dedi Hamroyev.

Ushbu taklifni amalga oshirish uchun, eng avvalo, Konstitutsiyaga, keyin esa boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, Oliy Majlis palatalarining tegishli qarorlarini qabul qilish lozim bo‘ladi, deya xulosa qildi ekspert.

Shaharlar maqomining o‘zgarishi masalalari

Toshkent davlat yuridik universitetining ma’muriy va moliyaviy huquq kafedrasi dotsenti, yuridik fanlari nomzodi Leonid Xvanning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston ma’muriy-hududiy birliklari davlat reyestrida respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar to‘g‘risida alohida, maxsus bir nizom yo‘q. Hatto bunday shaharlarning umumiy soni haqidagi axborotni ham faqat prezident farmonlariga qarab bilib olish mumkin, xolos.

O‘zbekistonning ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, respublika bo‘ysunuvidagi shahar deganda «strategik ahamiyatga, yirik sanoat korxonalariga va rivojlangan infratuzilmaga ega, shuningdek istiqbolli iqtisodiy va madaniy markazlar bo‘lgan aholi punktlari» tushuniladi.

Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni tuzish va tugatish Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra Oliy Majlis tomonidan amalga oshirilishi kerak. Biroq 2019 yilda olti shahar va bitta posyolka (shaharcha)ga prezident farmoni bilan yangi maqom berilgandi. Bular — Toshkent viloyatidagi Angren, Chirchiq, Bekobod, Olmaliq, Navoiy viloyatidagi Zarafshon, Sirdaryo viloyatidagi Shirin shaharlari va Surxondaryo viloyatidagi Sharg‘un shaharchasidir. Qonunchilik palatasi va Senat ushbu aholi punktlari maqomini o‘zgartirish to‘g‘risida qarorlar chiqarmagan.

Leonid Xvan bunda qaror qabul qilish tizimi bilan bog‘liq muammoni ko‘radi: «harakatlar mantiqiy davomiylikka ega emas», deydi u. 2019 yili parlament muhokamalari o‘tkazilmagan, komissiyalarning xulosalari olinmagan, shunga qaramay prezidentning farmoni mavjud va uning asosida Vazirlar Mahkamasida respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi maxsus bo‘lim ham tashkil etilgan.

Uning qayd etishicha, respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar tarkibida o‘z budjetiga ega alohida ma’muriy-hududiy birliklar bo‘lishi kerak. Bugungi kunda Toshkent respublika bo‘ysunuvidagi shahar maqomiga to‘laqonli javob beradigan yagona aholi punkti hisoblanadi. Uning maqomi viloyatlarniki bilan teng, poytaxt tarkibida o‘zining alohida budjetiga ega 12 ta tuman bor.

Agar respublika bo‘ysunuvidagi shahar viloyat tarkibidan chiqarilsa, u holda viloyatlarning yangi ma’muriy markazlari tashkil etiladimi? Bu masala ham tartibga solinmagan.

Viloyat — respublikaga bo‘ysunuvchi ma’muriy-hududiy birlikdir. Viloyat markazi viloyatga bo‘ysunishi kerak. Respublika bo‘ysunuvidagi shahar viloyat markazi bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi Leonid Xvan.

«2018 yili [Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton] Nazarboyev Chimkentni respublika bo‘ysunuvidagi shahar deb e’lon qilganidan so‘ng, Turkiston shahri Turkiston viloyatining markaziga aylandi», — deya misol keltiradi u.

2017 yili Nurafshon shahri Toshkent viloyatining ma’muriy markaziga aylandi (bungacha viloyatning ma’muriy markazi yo‘q edi). Viloyat idoralarining bari Toshkentdan o‘sha yerga ko‘chirildi.

Namangan viloyatida nazariy jihatdan yangi markaz paydo bo‘lishi mumkin, biroq Samarqand — viloyat markazi sifatida siyosiy ahamiyatga ega shahar, deb hisoblaydi ekspert.

Shaharlar maqomining o‘zgarishidan Samarqand va Namanganning har bir aholisi qanchalik foyda ko‘radi, degan savol ham dolzarbligicha qolmoqda. Leonid Xvanning fikricha, hukumat maqom o‘zgarishi bilan bog‘liq xarajat va daromadlarni inobatga olgan bunday qarorning iqtisodiy asosini tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Ammo jamoatchilik ushbu taklifning asosiy tezislaridan bexabar, 2019 yilgi shunday qaror (olti shahar va bir shaharchaning respublika bo‘ysunuviga o‘tkazilishi) samarasi esa fuqarolar uchun noma’lumligicha qolmoqda.

O‘zbekistonning ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risidagi qonunda ham bu haqda ma’lumot yo‘q va u shaharni respublika bo‘ysunuviga o‘tkazgandan so‘ng uning moliyalashtirilishi qanchalik o‘zgarishini, bu uning avvalgi maqomidan qanchalik yaxshi yo yomonligini baholash imkonini bermaydi.

Ekspertning taxminicha, Samarqand va Namangan hukumatning «yo‘l xaritalari» yoki manzilli «davlat rivojlanish dasturlari» orqali taraqqiyot uchun yangi impulsga, ya’ni, qo‘shimcha kapital qo‘yilmalarga ega bo‘ladi. Bunday moliyalashtirish, ekspertning fikricha, ushbu shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy o‘sish imkoniyatlarini sezilarli oshiradi, albatta.

«Chirchiq, Bekobod va boshqa shaharlardagi hayotga qarab, ular respublika bo‘ysunuvidagi shaharga aylandi, deb aytib bo‘lmaydi. Ular qanday murakkab bo‘lsa, shundayligicha qolgan», — deya ta’kidladi Leonid Xvan.

Yangi maqom berishi mumkin bo‘lgan eng asosiy narsa, ehtimol, ishlarni respublika boshqaruv organlari bilan muvofiqlashtirilishining yaxshilanishidir. Bu amalda shahar rasmiylarining ma’muriy salohiyatini oshiradi. Toshkent bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘lga qo‘yilishi natijasida shahar rahbarlari oldiga qo‘yilgan har qanday vazifani tezroq va samaraliroq hal qilish imkoni paydo bo‘ladi. Ushbu shaharlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligi ham tabiiy ravishda oshadi, deb taxmin qilmoqda ekspert.

«Umuman olganda, yangi maqom yaqin yillarda shahar rasmiylarining investitsiyaviy jihatdan imkoniyatlariga, ularning subvensiyalarga bog‘liqligini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishiga ijobiy ta’sir qiladi», — deb hisoblaydi Leonid Xvan.

budjet taqsimotining bevosita shahar ichida amalga oshirilishi ham Samarqand va Namanganning muhandislik, yo‘l-transport va telekommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish bo‘yicha imkoniyatlarini o‘zgartiradi, deya qayd etib o‘tdi ekspert.

Biroq ushbu shaharlarning ma’muriy bo‘ysunuvini o‘zgartirish jarayoni bo‘yicha savol ochiq qolmoqda. 2019 yilgi amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatning ma’muriy-hududiy tuzilishini o‘zgartirish jarayoni yopiq kechishi va tugallanmay qolishi mumkin, bundan qanday samara bo‘lishi esa noaniq, deya xulosa qildi Leonid Xvan.