Toshkentda 2005 yilning 28 dekabrida prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Mustaqillik maydonida farzandini bag‘riga bosgan o‘zbek ayoli siymosi — Baxtiyor ona haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov 17 yil avval yaratilgan mazkur monument haqida uning mualliflaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, akademik Ilhom Jabborov bilan suhbatlashdi.

Sobor maydonidan Mustaqillik maydonigacha

O‘zbekiston poytaxtining bosh maydoni hisoblangan Mustaqillik maydoni 1917 yilgacha Sobor maydoni, 1917−1966 yillarda Qizil maydon, 1966−1991 yillarda esa Lenin nomidagi maydon deb atalgan. Mustaqillik e’lon qilingach, «respublika ko‘p sonli jamoatchiligining xohish-istaklarini hisobga olib», prezident Islom Karimov 1991 yil 6 sentabrda joy nomini Mustaqillik maydoni deb o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Noyabrda maydonga Ozodlik obidasini o‘rnatish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Tanlov 1991 yil oxirigacha davom etishi kerak edi, ammo keyinchalik muddat uzaytirilgan. Bu orada matbuotda turli ijodiy guruhlarning takliflari, jamoatchilik vakillari mulohazalari e’lon qilib borilgan. Me’morlarning takliflari orasida, jumladan, obelisk ko‘rinishidagi yodgorliklar ham mavjud edi. Jamoatchilik vakillari orasida esa Leninning olib tashlangan haykali o‘rnida, masalan, «O‘zbekistonning eng katta jome’ masjidini qurish» kabi tavsiya berganlar ham bo‘lgan.

Muhokamalar, munozaralar uzoq davom etgani bois, 1992 yil iyulida tanlov «kelasi yildan xalqaro miqyosda davom ettirilishi, hozircha esa Mustaqillik maydoni markazida muvaqqat obida qad ko‘tarishi» e’lon qilingan. Unga ko‘ra, muvaqqat obida «Yer shari ko‘rinishida» bo‘lishi, unda «O‘zbekiston xaritasi ham o‘z aksini topishi va unga zarhal harflar bilan ‘O‘zbekiston Respublikasi' degan so‘zlar yozib qo‘yilishi» ta’kidlangan". Vaqtinchalik bo‘lishi aytilgan bu obida oxir-oqibat doimiyga aylangan, tanlov taqdiri esa noma’lum.

1999 yil 16 fevral voqealaridan so‘ng Mustaqillik maydonidagi portlashlardan zarar ko‘rgan ma’muriy binolar qayta qurilib, maydon obodonlashtirilgan. 1999 yili maydonning Navoiy ko‘chasiga tutash qismida Xotira maydoni va Motamsaro ona haykali bunyod etilgan. 2005 yil dekabrda esa Mustaqillik (Ozodlik) obidasi tagiga Baxtiyor ona haykali o‘rnatilgan.

«Ona — Vatan, uning qo‘lidagi bola esa — mustaqillik va kelajak siymosi»

Haykaltarosh Ilhom Jabborovning «Gazeta.uz» muxbiriga aytishicha, Lenin monumenti o‘rniga qo‘yilgan Mustaqillik obidasi tagiga 2005 yili Baxtiyor ona haykali o‘rnatilgach, «globus, ona va bola bir-biriga juda mos tushdi hamda chiroyli manzara paydo bo‘ldi». Bu haykalni yasash bo‘yicha haykaltaroshlar o‘rtasida tanlov e’lon qilingan, unda o‘nlab ijodkorlar qatnashgan.

baxtiyor ona haykali, илҳом жабборов, ислом каримов, mustaqillik va ezgulik monumenti, mustaqillik maydoni, mustaqillik monumenti, yangi o‘zbekистон bog‘i

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ilhom Jabborov. Videodan lavha.

«Prezident [Islom Karimov] topshirig‘i bilan tanlov o‘tkazilgan. Adashmasam, 10−15 nafarga yaqin haykaltarosh o‘z asarlari bilan qatnashgandi. Turli ijodiy ishlar kelib tushgan. Kimlarningdir haykali tik turgan bo‘lsa, boshqalarniki o‘tirgan holatda edi. Islom Abdug‘aniyevich bu ishlarning bari bilan birma-bir tanishib, o‘ziga ma’qul kelganini tanlab olgan. Hamkasb jiyanim Kamol Jabborov ikkimiz yasagan haykal tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan», — deydi u.

Ilhom Jabborovning xotirlashicha, Islom Karimov g‘olib deb topilgan ijodiy ishni bir necha marotaba ko‘rib, har gal iliq fikrlar bildirish bilan birga, o‘z takliflarini ham aytgan.

baxtiyor ona haykali, илҳом жабборов, ислом каримов, mustaqillik va ezgulik monumenti, mustaqillik maydoni, mustaqillik monumenti, yangi o‘zbekистон bog‘iFoto: Farhod Qurbonboyev (Islom Karimovning shaxsiy fotografi)

«Haykalning hozirgi holatini ko‘rgan bo‘lsangiz, uning qarshisida turgan odamga bolaning boshi ko‘rinadi, yuzi esa ko‘rinmaydi. Biz tanlovga topshirgan kompozitsiyada bola onaning ko‘kragiga yopishmasdan, bir qo‘lini oldi tarafga uzatib, qarshisidagi odamga „O‘zbekistonni kelajagiman“, degan ma’noda kulib qarab turgani tasvirlangan edi. Sho‘x, baxtiyor bolakayni aks ettirgan edik. Juda chiroyli, jonli chiqqandi. Bu — faqat farzand tug‘ib, uni katta qiladigan ona emas. Bu — ona Vatan siymosi. Qo‘lidagi bola esa mustaqillikka erishgan O‘zbekiston va kelajak», — deydi akademik.

Islom Karimov va Ilhom Jabborov. Foto: Farhod Qurbonboyev (Islom Karimovning shaxsiy fotografi)Islom Karimov va Ilhom Jabborov. Foto: Farhod Qurbonboyev (Islom Karimovning shaxsiy fotografi)

«Lekin prezident onaga ko‘proq urg‘u berishimiz kerakligini aytgan. Unga gap qaytara olmaganman. Lekin hozirgi holati ham yomon emas», — deydi haykaltarosh. Ilhom Jabborovning ta’kidlashicha, u Islom Karimovni «juda aqlli inson» sifatida juda qattiq hurmat qilgan, prezident vafot etgunicha, 25 yil davomida uning yonida yurgan. «Har oyda bir marta bo‘lsa ham uchrashardim. Ayrim paytlari o‘zi chaqirtirib, yangi g‘oya va loyihalarni aytardi, fikr almashardik», — deb xotirlaydi u.

Islom Karimov bu yer «kelin-kuyovlar uchun eng sevimli qadamjoga aylanishiga» ishongandi

Baxtiyor ona haykalining ochilishida davlat rahbari Islom Karimov qatnashib, monument poyiga gul qo‘ygan. Birinchi prezident ushbu monument nima uchun Mustaqillik obidasi bilan yonma-yon o‘rnatilganini tushuntirib bergandi.

Videodan skrinshotVideodan skrinshot

«1991 yilda azim poytaxtimizda, mana shu maydonda Mustaqillik haykali o‘rnatilgan va yillar davomida u o‘z joyini topdi, shakllandi. Mana endi uning yoniga yangi — Baxtiyor ona deb nom olgan haykal o‘rnatildi. Savol tug‘ilishi mumkin: nima uchun bu ikki haykal yonma-yon bo‘ldi? Bu savolga javob berish qiyin emas. Hech qanday shubha bo‘lmaslik kerakki, faqatgina mustaqillik huquqiga ega bo‘lgan xalq, millat, avlod erkin va ozod bo‘lishi mumkin, baxtli bo‘lishi mumkin. Barchamiz uchun muqaddas mana shu ikkita tushuncha (ona va mustaqillik — tahr.) bir-biri bilan uzviy chambarchas bog‘liq, uyg‘un, har tomonlama bir-birini to‘ldiradi. Mazkur majmua chuqur ma’nosi va keng mazmuni bilan mana shu ikki buyuk tushunchani mujassam etgan. Ya’ni mustaqillik va ona siymosini», — degan Islom Karimov.

Videodan skrinshotVideodan skrinshot

Birinchi prezident «muhabbat, mehribonlik, fidoyilik timsolini o‘zida mujassam etgan majmua»ga «Mustaqillik va ezgulik monumenti» deb nom berishni taklif qilgan hamda «xalqimiz, jamoatchiligimiz bu fikrni albatta qo‘llab-quvvatlashi»ga ishonishini ta’kidlagan. Prezident Karimov «ushbu tabarruk maskan xalqimiz uchun, yoshlarimiz uchun, avvalo, kelin-kuyovlar uchun eng sevimli va mo‘tabar bir qadamjoga aylanishiga» ishonch bildirgandi.

«Nafaqat Toshkentda, balki O‘zbekistonimizning chekka-chekka joylarida istiqomat qilayotgan xalqimiz vakillari ham albatta, shu yerga kelib, ushbu ziyoratgohni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, mana shu tabarruk joyning oldida turib, ta’zim qilishi, o‘ylaymanki, bu odatimizga aylanib qoladi. Uzoq-yaqin mehmonlarimiz ham mana shu joylarni ziyorat qilib, ta’zim berishni o‘zimni burchim, deb bilishi muqarrar, deb o‘ylayman», — degandi Islom Karimov.

Islom Karimov Baxtiyor ona haykali ochilishida, 2005 yil 28 dekabr. Foto: Farhod Qurbonboyev (Islom Karimovning shaxsiy fotografi)Islom Karimov Baxtiyor ona haykali ochilishida, 2005 yil 28 dekabr. Foto: Farhod Qurbonboyev (Islom Karimovning shaxsiy fotografi)

Prezidentning 2006 yil fevralidagi qarori bilan Mustaqillik haykali va Baxtiyor ona siymosini mujassam etgan yangi monument Mustaqillik va ezgulik monumenti nomini oldi. Xuddi shu qaror bilan umumxalq bayramlari hamda davlat miqyosidagi boshqa tantanali marosimlarda yangi monument poyiga gulchambar qo‘yish marosimi rasman joriy etiladi. O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el davlat va hukumat rahbarlarining Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘yishi ham aynan 2006 yil fevralidagi qarordan so‘ng an’anaga aylangan, ularning aksariyati Toshkent xalqaro aeroportidan chiqiboq to‘g‘ri Mustaqillik maydoniga kelardi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiRossiya prezidenti Vladimir Putin. Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Xususan, 2015 yil oktabrda Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Shindzo Abe, Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2015 yil oktabr va 2018 yil aprelda, 2015 yil noyabrda Pokistonning sobiq bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif, 2016 yil iyunda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, 2017 yil oktabrda Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev, 2017 yil dekabrda Afg‘oniston Islom Respublikasining sobiq prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, 2017 yil dekbarda Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Sooranbay Jeenbekov, 2018 yil avgustda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, 2018 yil sentabrda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, 2018 yil oktabrda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, 2019 yil aprelda Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Mun Je In, 2019 yil aprelda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, 2021 yil martda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Baxtiyor ona poyiga gul qo‘ygan.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyev, 2017 yil. Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatiҚирғизистон prezidenti Almazbek Atambayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyev, 2017 yil. Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

2021 yil avgustida Yangi O‘zbekiston bog‘i ochilganidan so‘ng, mamlakatga kelgan yuqori martabali mehmonlar ushbu bog‘ hududidagi Mustaqillik monumentiga olib borilmoqda. Haykaltarosh Ilhom Jabborov bu holat bo‘yicha ham fikr bildirdi: «Balki ular [Mustaqillik va ezgulik monumentiga] O‘zbekistonning baxtiyorligini va porloq kelajagi borligini ko‘ringlar, degan ma’noda taklif qilingandir. Bu holat „normal“ edi. Lekin bu odat hozir yo‘q bo‘ldi, shekilli. Men nima bo‘layotganini ko‘rmayman ham, qiziqmayman ham, bilmayman ham. Gul qo‘ysa qo‘ydi, qo‘ymasa yo‘q-da endi».

«Haykalning oyog‘i hozir ham kalta, yaqiniga borgim kelmaydi»

Akademik Jabborov faoliyatidagi an’analardan biri haqida ham gapirarkan, shunday dedi: «Uy ichida yasalgan haykal faqat o‘sha ustaxonadagi bo‘shliqqa moslashadi, uni orqa va yon taraflarini ko‘ra olmaysiz, kamchiliklari ko‘zga tashlanmaydi. Xona ichida katta ko‘ringan haykal maydonga, tashqariga chiqqach kichkina bo‘lib qoladi, havo „yeb“ tashlaydi uni. Shu sabab doim biror kompozitsiyaga kirishganimda, dastlab gips variantini yasab, belgilangan joyga o‘rnatib qo‘yaman. U tarafidan kelib, bu tomonidan borib, haftalab kuzatib, ko‘z yugurtiraman. Shu tariqa xato va kamchiliklarni sezib, asarni puxta ishlashga harakat qilaman».

baxtiyor ona haykali, илҳом жабборов, ислом каримов, mustaqillik va ezgulik monumenti, mustaqillik maydoni, mustaqillik monumenti, yangi o‘zbekистон bog‘iFoto: Oqil G‘ulomov, 2016 yil avgust

U bugungi aksariyat hamkasblari haykallarni darhol bronzadan quydirib, o‘rnatib qo‘yayotganini ma’qullamasligini ham bildirdi. «Oldin gipsdan yasab, kamchiliklarini to‘g‘rilab, so‘ng bronzadan yasatish kerak», — deya uqtirdi ustoz haykaltarosh. U 17 yil avval o‘rnatilgan Baxtiyor ona haykali ham dastlab gipsdan yasalib, so‘ng Mustaqillik obidasi tagiga o‘rnatilgan.

«3−4 oy o‘sha yerda turgan, kamchiliklarini ko‘rgach, ularni tuzatganmiz. Masalan, onaning oyog‘i kalta bo‘lib qolgani maydonga o‘rnatilgach ko‘ringan. Keyin 20−30 sm qo‘shib, uzaytirganmiz. Shunday qilib, kamchiliklarni to‘g‘rilagach, keyin bronzadan yasab, o‘rnatganmiz. Biroq, oyog‘i hozir ham biroz kalta. Chunki arxitektorlar joyini shunday qilib qo‘ygandiki, oyoq ko‘proq uzaytirish mumkin emasdi. Oyoq kaltaligi haykal oldida sezilmaydi, risoladagidek ko‘rinadi. Ammo katta ko‘chadan kirishda qarasangiz, seziladi», — dedi u.

Haykaltarosh Baxtiyor ona haykalining yoniga bormaslikka harakat qilishini, haykalning kamchiliklarni ko‘rib, kayfiyati buzilishini aytib o‘tdi.

«Mashinada o‘tgan paytlarimda bir qarab o‘tib ketaman, lekin aynan oldiga bormayman. Aslida qilgan ishlarimni yoniga ko‘p ham bormayman. Chunki ularni yaqindan ko‘rsam, kayfiyatim buziladi, kamchiliklari ko‘zimga tashlanadi. Kamchiliklarini faqat men ko‘raman, boshqalarga ko‘rinmaydi. „Mana bu joyini sal boshqacharoq qilsam bo‘larkan“, deyman. Shu sababli ijodiy ishlarimni oldiga bormaslikka harakat qilaman», — deya qo‘shimcha qildi Ilhom Jabborov.

baxtiyor ona haykali, илҳом жабборов, ислом каримов, mustaqillik va ezgulik monumenti, mustaqillik maydoni, mustaqillik monumenti, yangi o‘zbekистон bog‘iFoto: Farhod Qurbonboyev

«Kirish taqiqlangan»

Ushbu materialni tayyorlash jarayonida Mustaqillik maydonidan fotoreportaj uyushtirish rejalashtirilgan edi. Ammo maydonning ramziy darvozasi hisoblangan Ezgulik arkasi oldida qo‘riqchilik qilayotgan Milliy gvardiya xodimlari fuqarolarning ushbu hududga kirishi taqiqlangani bildirib, fotoreportajga ruxsat bermadi.