O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» siropini ichish natijasida 18 nafar bola vafot etdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xizmat tekshiruvi o‘tkazib, jinoyat alomatlari mavjudligini aniqladi. Vazirlik xabariga ko‘ra, barcha mas’ullar ishdan olindi, materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

24 dekabr kuni Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Samarqanddagi bolalar shifoxonasida 18 nafar bola (avval 15 nafar ekani aytilgandi) «Dok-1 Maks» siropini ichish natijasida vafot etgani bo‘yicha monitoring o‘tkazgandi.

SSV tekshiruviga ko‘ra, Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasiga tegishli «Dok-1 Maks» tabletka va siropi O‘zbekistonda 2012 yildan ro‘yxatga olinib, shu yildan savdoga chiqqan. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lum qilishicha, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. O‘zbekistonga ushbu preparat Quramax Medical MCHJ tomonidan import qilingan.

Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2−7 kun davomida, kuniga 3−4 mahal 2,5−5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga me’yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo‘lgani uchun «Dok-1 Maks» siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.

Vaholanki, paratsetamol faqat tana harorati 38−38,5 darajadan yuqori bo‘lgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100−125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati me’yorida bo‘lganda ushbu dori vositasini iste’mol qilish qat’iyan man etiladi.

Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator o‘rganishlar «Dok-1 Maks» siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham ko‘rsatdi. Ushbu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1−2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni, ya’ni qusish, hushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

O‘rganish davomida xizmat vazifasiga loqayd va bee’tibor munosabatda bo‘lgan, bolalar o‘limi tahlilini o‘z vaqtida yuritmagan va kerakli choralarni ko‘rmagan 7 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. To‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi, deyiladi SSV xabarida.

Keltirilishicha, ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari O‘zbekistondagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan. O‘rganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati masalasi SSVning alohida Hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.