Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan dori vositasi bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar qildi DXX matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, Hindiston davlatining «Marion Biotech Pvt. Ltd» kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositaci mamlakatimizga Quramax Medical MCHJ tomonidan import qilinib, savdoga chiqarilgan.

DXX preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz, ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilganini qayd etdi.

Hozirda holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan Quramax medical importchi kompaniyasi hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186−3-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

JKning 186−3-moddasi 4-qismi «a» bandi:

«Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa».

Gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.