Hozirgi kunda O‘zbekistonda 61 ta tashkilot va 208 ta hokimiyatda 118 ming nafar davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyat yuritmoqda. Bu haqda 26 dekabr kuni o‘tkazilgan xalqaro press-klub sessiyasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bugungi kunda mavjud 118 ming nafar davlat fuqarolik xizmatchisining o‘rtacha 55−60 foizi respublika darajasidagi tashkilotlarda ishlaydi. Lekin 35 foizgacha qisqarish degani, bu 118 ming kishidan 30 mingtani ayirib qo‘yish emas. Har bir vazirlikda baribir qisqarish bo‘ladi. Qaysidir vazirlikda 10 foiz, qayerdadir 30 foiz qisqarish bo‘ladi», — dedi u.

U kadrlar qisqarishi hamma tashkilotda ham bir xilda bo‘lmasligini qayd etdi.

«Masalan, Moliya vazirligida 30 foizlik qisqartirishni amalga oshirsak, bu qaysidir islohotlarga xalaqit berib qolishi mumkin. Lekin boshqa bir vazirlikda 40 foizgacha qisqartirish bo‘lishi mumkindir. 118 ming kishi son jihatdan aniq qisqaradi, ammo qaysi vazirlikdan qancha odam qisqartirilishi hozircha ma’lum emas, buni tahlillar asosida, keyinroq e’lon qilamiz. Ammo davlat fuqarolik xizmatchisi 118 ming nafar bo‘lmaydi, ular soni aniq kamayadi», — dedi Otabek Hasanov.

Avvalroq, davlat tashkilotlarining qisqarishi ortidan 2,8 trln so‘m tejalishi, ular ijtimoiy sohaga sarflanishi haqida yozgandik. Jumladan, moliya vaziri o‘rinbosari shundan 2,3 trln so‘mini 1−4 sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirishga yo‘naltirishni taklif qildi. «Lekin buni qabul qilish parlament qo‘lida», — dedi Odilbek Isoqov.