DXX tezkor-qidiruv tadbirlarida ijtimoiy tarmoqlar orqali «Tavhid va jihod katibasi», «Turkiston islom harakati» kabi terroristik tashkilotlar tarafdorlari ta’siriga tushib qolgan 1999 yilda tug‘ilgan fuqaroni aniqladi. Bu haqdagi xabar O‘zAda e’lon qilindi.

Jizzaxlik X.B. Rossiyaga ishlash uchun ketgan vaqtida virtual muloqotlarda Suriyadagi vaziyat, «jihod» qilish, u yerga borish yo‘l-yo‘riqlari va harajatlari bo‘yicha fikrlar almashgan.

Shuningdek, Telegram`da kanal ochib, O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga da’vat etuvchi hamda aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan.

«2019 yil ish izlab Rossiyaga chiqqandim. Shuyoqda internet tarmoqlaridan foydalangan vaqtim terroristik anaqalarga [guruhlarga] qo‘shilib, shularning ma’ruzalarini muntazam eshitib keldim. Telegram`da ularning video materiallarini yuklab olib, o‘zim har xil kanallar yaratdim va kanalimga [videolarni] tashlab tarqatganman. Ular meni shu yo‘lga jihod qilishga targ‘ib qilishgan. „Agar sen kelaman desang, yo‘lni taxtlab beraman“, deyishgan. Men buni ma’qullaganman. Suriyaga borib, jang qilish niyatim ham bo‘lgan», — deya ta’kidlagan u.

Rossiyadan qaytib kelgach, oila a’zolariga ham shariat qonunlari asosida yashash kerakligi, Suriyadagilarga yordam berish lozimligi haqidagi qarashlarini singdirishga harakat qilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini ham davom ettirgan.

DXX xabariga ko‘ra, u Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244−1 — moddalari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan aybdor deb topildi. Unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.