Senatning 36-yalpi majlisida «2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Mazkur qonun bilan 2023 yil uchun respublika konsolidatsiyalashgan budjetining jamlanma parametrlari hamda 2024−2025 yillar uchun budjet mo‘ljallari belgilangan.

Ta’kidlanganidek, qonunga ko‘ra, 2023 yilda mamlakat iqtisodiyotida YAIM o‘sish sur’atlari 5,3 foizni va iste’mol narxlari indeksi 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida bo‘lishidan kelib chiqib, davlat budjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.

Konsolidatsiyalashgan budjetining daromadlari 2023 yilda 310,7 trln so‘mni hamda xarajatlar 343,2 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

Qonun bilan 2023 yil uchun hukumat va respublika kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda.

2023 yilgi budjet xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.

Senatorlar davlat budjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar miqdoriga jiddiy e’tibor qaratdilar. Qayd etilganidek, ta’lim sohasi xarajatlari 58,4 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 28,4 trln so‘m, madaniyat sohasiga 2,5 trln so‘m, sport sohasiga 2,3 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023 yilda 1,8 trln so‘m yo‘naltirish belgilandi.

2023 yil uchun Davlat budjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trln so‘m ajratiladi.

Shu bilan birga kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 1,1 trln so‘m subsidiyalar to‘lab berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 36,7 trln so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,4 foizni, jami xarajatlarning 14 foizini tashkil etib, bu mablag‘lar asosan tomchilatib sug‘orish, geologik qidiruv ishlarini va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda uy-joy kommunal xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur qonun Senat a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2023 yilgi davlat budjetini 3 soatdan kam vaqt ichida (3 o‘qishda) muhokama qilib, tasdiqlagandi. Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilmadi. Hujjat deyarli bir ovozdan, tanqidlarsiz qabul qilingandi.