26 dekabr kuni prezidentning «Mahalla budjeti» tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi [PQ-458-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Davlat rahbari oktabr oyida «mahalla budjeti» tizimi 2023 yildan joriy etilishini, «har bir mahalla o‘z muammolarini mustaqil hal qilishi»ni ma’lum qilgandi. Bu haqda parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida ham aytib o‘tdi.

Tizim 1 yanvardan soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarda huquqiy eksperiment tariqasida ishga tushadi. Aholining mol-mulk va yer solig‘ini undirish mahallaning o‘ziga o‘tkaziladi.

mahalla budjeti

Soliq (noturar joylar bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha tuman budjetlari orqali tegishli jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.

1 martgacha mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan, to‘langan mablag‘lar va soliq qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan mahallalar real vaqt rejimida foydalanish imkoni bo‘ladi.

«Mahalla budjeti» tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi.

«2023 yil yakunida ushbu tajriba barcha hududlarda joriy qilinadi», — deb yozgandi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.