Dastlabki tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarni amalga oshirish hisobiga 2,8 trln so‘m mablag‘ tejaladi. Moliya vazirligi mazkur mablag‘larning 2,3 trln so‘mini 1−4 sinf o‘quvchilarining bepul ovqatlanishiga yo‘naltirish taklifini ilgari surmoqda.

Bu haqda 26 dekabr kuni o‘tkazilgan Xalqaro press-klub sessiyasida moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Jumladan, 2,4 trln so‘m vazirlik va idoralar shtat birliklarini 30 foizgacha qisqartirish hisobiga, tashkilot va idoralarni maqbullashtirish hisobiga bo‘shaydigan 300 dan ortiq binolarni sotishdan 300 mlrd so‘m mablag‘ budjetiga tushadi. Rahbar lavozimi qisqarishi kutilayotgan taxminan 55 ta mashinani auksionda sotishdan 16,5 mlrd so‘m, hududlarga xizmat safarlarini kamaytirish, onlayn qabul tizimini qo‘llash hisobiga esa qariyb 17 mlrd so‘m mablag‘ tejalishi kutilmoqda», — dedi u.

Bundan tashqari, davlat boshqaruvi apparatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni: konstovar va boshqa xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga 22 mlrd so‘m iqtisod qilinadi.

Rasmiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha maksimal narxlarni o‘z ichiga oluvchi me’yorlarni belgilash orqali xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga 18 mlrd so‘m tejalishi ko‘zda tutilgan.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur mablag‘lar ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Jumladan, avvaliga Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yo‘lga qo‘yilgan 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi kelgusi o‘quv yilidan butun respublika joriy qilinadi.

«Buning uchun 2,3 trln so‘m mablag‘ talab etiladi. Biz albatta, yuqorida aytib o‘tilgan 2,8 trln so‘mning 2,3 trln so‘mini 1−4 sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirishga yo‘naltirish taklifini beramiz. Lekin buni qabul qilish parlament qo‘lida», — dedi Odiljon Isoqov.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda hukumatga bo‘ysunuvchi mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari soni 61 tadan 28 taga qisqartirish, jumladan, vazirliklar sonini 25 tadan 21 taga kamaytirish va 20 ta idorani to‘liq tugatish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzoladi.