26 dekabr kuni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.
Majlis davomida komissiya a’zolaridan faqat bittasi deputatning mandatdan voz kechish sabablarini so‘radi. MSK rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayev esa arizada sabablar ko‘rsatilmaganini aytdi.
Shundan so‘ng komissiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning deputatlik faoliyatini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi qarorni bir ovozdan ma’qulladi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati a’zosi Farxod Ermanov Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining raisi lavozimiga tayinlanganligi munosabati bilan uning yozma arizasiga ko‘ra, senatorlik vakolati muddatidan ilgari tugatildi.
23 dekabr kuni Rasul Kusherbayev deputatlik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgandi. «Bunday ishlay olmas ekanman. Bunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman», — deya yozgandi u.
Shundan so‘ng tarmoqlarda deputat Rasul Kusherbayevning Qonunchilik palatasi majlisida kun tartibiga doir savol bermoqchi bo‘lgani, biroq parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov e’tiborga olmagani aks etgan video tarqalgandi. «Bunday yig‘ilishda o‘tirgandan o‘tirmagan yaxshi. Men ketaman. Hammasi yasama, so‘z bermaydi», — deya gapirgan u.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
«Gazeta.uz» Qonunchilik palatasi 2023 yilgi davlat budjetini 3 soatdan kam vaqt ichida (3 o‘qishda) muhokama qilgani va tasdiqlagani haqida yozgandi. Qonun loyihasining o‘zi salkam bir hafta oldin quyi palataga kiritildi va jamoatchilik muhokamasiga ham taqdim etilmadi. Hujjat deyarli bir ovozdan, tanqidlarsiz qabul qilindi.