Farg‘ona viloyati prokuraturasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan noma’lum shaxs harbiy xizmatchini avtomashinada urib yuborgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, fuqaro I. M. Cobalt mashinasini boshqarib, Toshtepa ko‘chasida joylashgan harbiy qismga qarashli chegara qo‘riqlash postiga yaqinlashgan vaqtida chegara postida xizmat olib borayotgan muddatli harbiy xizmatchi D. O‘.ning to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tib ketgan.

So‘ngra D. O‘. ratsiya aloqa vositasi orqali o‘zidan 200 metr uzoqlikda xizmat vazifasini olib borayotgan harbiy xizmatchi oddiy askar A. T.ga bu haqda xabar bergan. A.T. esa ushbu transport vositasini to‘xtatish uchun unga to‘xtash ishorasini bergan vaqtida haydovchi harbiy xizmatchining «qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilish maqsadida» unga qarab harakatlanib borib, mashinaning old qismi bilan uni qasddan urib yuborgan.

So‘ng hodisa joyidan qochib, yashiringan. Oddiy askar A. T. olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat bo‘yicha I. M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.