3 kunda 13 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’moliga teng hajmdagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Bu vazirlik huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya», elektr ta’minoti korxonalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazgan nazorat tadbirlarida aniqlandi.

«So‘ngi uch kunda 85 ta holatda 2,6 mln kVt-soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Natijada energetika tizimiga jami 1,16 mlrd so‘m zarar keltirilgan», — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 13,2 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi, qonunbuzilish holatlari esa respublikaning barcha hududlarida aniqlandi. Xususan:

  • Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan «Baxtiyor Classic servis» MCHJ da (turar joy binosiga xizmat ko‘rsatuvchi shirkat) 202,6 mln so‘mlik;
  • Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Suvoqava Oqqo‘rg‘on» bo‘limi 144,3 mln so‘mlik;
  • Samarqand viloyati, Narpay tumanidagi «G‘alaba Qahramon ota» fermer xo‘jaligida 104,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi, deyiladi xabarda.