Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov lavozimidan ozod etildi

To‘ra Bobolov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Qosimov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Deputat Rasul Kusherbayevning vakolati rasman tugatildi

Bu haqda tegishli qaror 26 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoyev MDH norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining 26−27 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan norasmiy sammitda ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahriga jo‘nab ketdi.

Qashqadaryodagi shifoxonada portlash sodir bo‘ldi

Qashqadaryodagi viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda ikki nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi.

Migratsiya agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonlikni norasmiy kurerlik xizmatlariga ishonmaslikka chaqirdi

Rossiyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga katta pul evaziga narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish taklif qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Migratsiya agentligi fuqarolarni norasmiy kurerlik xizmatlariga ishonmaslikka, yetkazib berishdan oldin mahsulotni tekshirishga chaqirdi.

Samarqand turistik markazi hududida chet elliklar uchun boj olinmaydigan savdo do‘konlari tashkil etiladi

Prezidentning tegishli qarori bilan «Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» targ‘ibot kampaniyasi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 2026 yilgacha mehmonxona biznesi vakillari kerakli tovarlar va turistik markazda «vaqtincha» olib kiriladigan uskunalar uchun davriy bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlarini Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga taklif qildi

Rossiyaning Ukrainaga bosqini ta’siri Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun katta ahamiyatga ega, dedi Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayashi MO + Yaponiya vazirlari yig‘ilishida. Tomonlar Transkaspiy yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlikni chuqur o‘rganishga kelishib oldilar.

3 kunda 2,6 mln kVt soat elektr energiyasi noqonuniy sarflandi — Energetika vazirligi

«O‘zenergoinspeksiya» 3 kunda 13 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’moliga teng hajmdagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan holatni aniqladi. Natijada energetika tizimiga 1,16 mlrd so‘m zarar yetdi.

«Sening kasringga bachalaring yem bo‘ladi» — urgutlik ayol yosh bolasini shafqatsiz kaltakladi. Ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Urgut tumanining Vatak mahallasida ayol yosh bolasini shafqatsiz kaltakladi. Viloyat IIB ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Hozirda bolaning ahvoli yaxshi bo‘lib, shifokorlar kuzatuviga olingan.

Hafta davomida nam va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

Hafta boshida Turkmanistondan kirib kelishi kutilayotgan nam va iliq havo evaziga respublikaning ayrim joylarida kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzi havo harorati +15 darajagacha ko‘tariladi. 29−30 dekabr kunlari esa yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kam. Harorat pasayib ayrim joylarga tuman tushadi.

Termiz xalqaro aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng qayta ishga tushirildi

Termiz xalqaro aeroporti yana ishga tushirildi. 26 dekabr kuni aeroport birinchi reysni qabul qildi.

Farg‘onada Lacetti urib yuborishi oqibatida 87 yoshli velosipedchi vafot etdi

Dang‘ara tumanida Lacetti yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yubordi. Jabrlanuvchi tuman markaziy shifoxonasida vafot etdi.

Toshkentda Tracker`ga kelib urilgan tez yordam mashinasi ag‘darildi

Shayxontohur tumanida Ford rusumli tez tibbiy yordam avtomobili yo‘l chetida to‘xtab turgan Tracker avtomobiliga kelib urildi. Zarb oqibatida Ford ag‘darilib ketdi.

Surxondaryoda Cobalt ikki kishini urib yubordi, ulardan biri vafot etdi

Surxondaryoda Cobalt yo‘l chetida turgan ikki kishini urib yubordi. Ulardan biri voqea joyida vafot etdi. Haydovchi boshqargan mashina tekshirib ko‘rilganda so‘nggi 40 kunda 8 marta tezlikni me’yoridan oshirib harakatlangani aniqlandi.

Banklarda dollarning sotish kursi 11 260 so‘mgacha tushdi

Tijorat banklari 26 dekabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 170 — 11 230 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksar banklarda 11 260 so‘m.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Kamalov va Orinbayev ko‘rsatma beradi deb umid qilamiz» — Nukus voqealari bo‘yicha komissiya a’zosi

Parlament komissiyasi a’zosi Gulnoz Mamarasulova «Gazeta.uz» bilan suhbatda Nukus voqealari bo‘yicha sud jarayoni qanday kechayotgani, Qoraqalpog‘istonning sobiq va amaldagi rahbarining ko‘rsatmasi muhimligi, qolaversa, nima uchun komissiya haligacha o‘z hisobotini e’lon qilmagani haqida so‘zlab berdi.

Nima o‘qiymiz? Jurnalist va filolog Shahnoza Soatova tavsiya qiladi

«Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan «Nima o‘qiymiz?» loyihasini davom ettiradi. Sara asarlar, o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxati haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyalarini har shanba sizga yetkazamiz.