Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan Samarqanddagi bolalar shifoxonasida 18 nafar bola (avval 16 nafar ekani aytilgandi) vafot etgani bo‘yicha monitoring o‘tkazdi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani matbuot xizmati.

Unda qayd etilishicha, 24 dekabr kuni bolalar ombudsmani Aliya Yunusova hamda Bola huquqlarini ta’minlash sektori vakillari Samarqand viloyati bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri, viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, Samarqand shahar prokuratura xodimlari, viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbari va viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri ishtirokida yuqoridagi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

O‘rganishlarda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sentabr-dekabr oylarida 21 nafar bemor o‘tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgani va davolangani aniqlandi. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo‘lgan, 3 nafar bemor sog‘lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar.

«Bemorlarning yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda, ularda shamollash alomatlari bo‘lgani va davolash maqsadida „Dok-1MAKS“ preparati qabul qilishganidan so‘ng ahvoli og‘irlashganini bayon qilishgan. „Dok-1MAKS“ preparatining har 10 mlda paratsetamol — 500 mg, gvayfenezin — 200 mg, fenilefrina gidroxlorid — 10 mg mavjud. Mutaxassislar Dok-1MAKS preparati qo‘llanilishi ko‘rsatmasida preparatni 2 yoshdan qo‘llash mumkinligi ko‘rsatilgani, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlari asosan 12 yoshdan keyin qo‘llashga ruxsat berilganligini ta’kidlashdi», — deyiladi xabarda.

Bolalar ombudsmani vafot etgan bemorlarning birortasi ham patologik-anatomik tadqiqotdan o‘tkazilmaganini ham ma’lum qildi.

«Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi o‘z o‘rganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir o‘lim holati bo‘yicha surishtiruv-tergov olib bormoqda. Bola huquqlari bo‘yicha vakil Samarqand viloyati prokurori birinchi o‘rinbosaridan holat bo‘yicha chuqur o‘rganish olib borishlarini va har bir holatda aybdorlar jazosiz qolmasligi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi shartligini so‘radi», — deya ma’lum qilindi bolalar ombudsmani idorasidan.

Holat bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan.