Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda Sharof Rashidov tumanida bir ayol eri tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani, qotillikka oilaviy janjal sabab bo‘lgani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 19 dekabr kuni soat 18:00 larda B. I. (1972 y. t.) va turmush o‘rtog‘i N. I. (1975 y. t.) o‘rtasida oilaviy kelishmovchilik sababli janjal kelib chiqqan. Janjal vaqtida B. I. oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘ining o‘ng yelka qismiga urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Oqibatda N. I. RSHTYOIMning Jizzax filialida ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan vafot etgan. B. I. protsessual tartibda ushlanib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104- moddasi 3- qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Gumonlanuvchi B. I. shu vaqtga qadar spirtli ichimlik iste’mol qiluvchilar va oilaviy janjalkashlar sifatida IIOning profilaktik hisobida turmagan. Shuningdek ushbu oila mahallada ijobiy tavsiflanib, janjalkash oilalar ro‘yxatida turmagan», — deyiladi xabarda.