O‘zbekiston prezidentining «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Hujjat bilan iqtidorli sportchilarni seleksiya qilish va ularni xalqaro standartlar asosida professional tayyorlash maqsadida Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etiladi.

Markazlar ushbu hududlardagi gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida tashkil qilinadi va o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi.

O‘quvchilarning umumiy kontingenti 132 nafarni tashkil etib, ular 1−11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi (har yili 12 nafar sportchi qabul qilinadi) hamda o‘quvchilarini ovqatlantirish xarajatlari budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Markazlarni zamonaviy va xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish (binolar qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash) «O‘zavtosanoat» homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, qaror bilan Gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxirasi sport maktabi milliy terma jamoalarga zaxira sportchilarni yetkazib beruvchi bazaviy sport-ta’lim muassasasiga aylantiriladi.

Oliy ma’lumotli trenerlar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona filiallarida gimnastika bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilish kvotalari 2 baravarga oshiriladi.

Bundan tashqari milliy terma jamoalar gimnastlarini Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash bo‘yicha 1 oy muddatda qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Shu bilan birga, hujjatga ko‘ra, gimnastika sport turlarini ommalashtirish maqsadida bog‘chalarda «Gimnastikaga ilk qadam» dasturi, umumta’lim maktablarida esa «Gimnastika bolalar uchun» dasturi joriy qilinmoqda. Ular bolalarda yoshlikdan gimnastika bilan shug‘ullanishga kuchli motivatsiyani shakllantirish, darsdan tashqari alohida gimnastika seksiyalarini tashkil qilishni nazarda tutadi.