«Koʻzgu» Youtube kanali (227 ming obunachiga ega) muallifi bloger Abduqodir Mo‘minov shanbaga o‘tar kechasi uyi yonida niqobli noma’lum shaxslar unga hujum qilgani haqida xabar berdi.

Bir nechta onlayn translyatsiyalarda u voqea tafsilotlarni aytib berdi va beysbol bitasi bilan oynasi sindirilgan mashina qanday ko‘rinishda ekani, shuningdek, boshi va qo‘lidagi jarohatlarni ko‘rsatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u mashina ichidaligida noma’lum shaxslar mashinaga bir necha zarbalar bergan, zarba blogerning qo‘llariga ham teggan. «Agar o‘sha vaqtda ketishga muvaffaq bo‘lmasam, nima bo‘lardi, bilmayman», — dedi u.

Blogerning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilgan shaxslar besh nafarga yaqin bo‘lgan. U 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, hujum sodir bo‘lgan joyga qaytib kelgan. Bloger voqea joyiga qaytganda u yerga allaqachon militsiya xodimlari yetib kelganini ko‘rgan.

U shaxsiy xavfsizligi va sodir bo‘layotgan voqealarni yozib olish uchun bir necha soat jonli efirda bo‘ldi.

Blogerning aytishicha, avtomashinasining videoregistratoridagi USB flesh-diskini rasmiylashtirmasdan, uning roziligisiz olib ketilgan. Flesh-diskda hujum qilgan shaxslar bilan suhbatlari yozib olingan bo‘lgan.

Videoda juda ko‘p odamlar borligi ko‘rsatilgan. Abduqodir Mo‘minov turli odamlarning oldiga kelib, fleshka uning shaxsiy narsasi ekanini aytib, qaytarib berishni so‘radi. Undan vaqti-vaqti bilan tasvirga olishni to‘xtatish so‘raldi va flesh-diskni qaytarib berish va’da qilindi.

Shuningdek, u telefoni musodara qilinganini, unda uning jurnalistik faoliyati doirasida boshqa shaxslar bilan suhbatlar qayd etilganini aytdi.

O‘z videolarida bloger hokimiyatni tanqid qilib, partiya tuzish istagini bildirgan.

Hozircha hodisa yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.