Toshkent shahar IIBB Youtube`dagi «Koʻzgu» kanali muallifi Abduqodir Mo‘minovga qilingan hujum yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, voqea joyiga tergov-tezkor guruhi chiqib, barcha zaruriy harakatlar olib borilgan va xolislar ishtirokida voqea joyidan 5 dona qo‘l barmoq izi va 1 dona beysbol bitasi dalililiy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan. Shuningdek, Abduqodir Mo‘minovdan bir dona fleshkadagi videoyozuvlar tekshirib qo‘rish uchun protsessual tarbida olingani ma’lum qilingan.

Avvalroq, bloger unga beshga yaqin odam hujum qilganini aytganini xabar qilgandik. Noma’lum shaxslar uning mashinasi oynalarini beysbol tayoqchasi bilan sindirgan, shuningdek, unga jarohat yetkazgan va uyali telefonini o‘g‘irlagan. Abduqodir Mo‘minov bir necha soat davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqib, voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlaridan bir necha bor o‘ziga tegishli flesh-diskni qaytarib berishni so‘ragan, uning so‘zlariga ko‘ra, flesh-disk uning ruxsatisiz va rasmiylashtirilmasdan olib qo‘yilgan. Efir vaqtida xodimlar undan tasvirga olmaslikni bir necha bor so‘ragan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan. Toshket shahar IIBB rahbariyatining topshirig‘a ko‘ra, ushbu jinoyatni fosh etish maqsadida malakali xodimlardan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilib, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan barcha zarur tergov va tezkor-qidiruv harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.