Prezident tanqididan so‘ng ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va transport vaziri Ilhom Mahkamov ilk marta Toshkentdagi avtobusda ko‘rinish bergani haqida xabar qilgandik.

Uzreport reportajiga ko‘ra, IIV rahbari boshchiligidagi ishchi guruh Yunusobod tumanidagi 8-son avtobuslar saroyiga tashrif buyurgan. U yerda ishchi guruh a’zolari hamda jamoatchilik faollari o‘rtasida suhbat o‘tkazilgan. E’tiborlisi, mazkur tadbirga faqat televideniye vakillari chaqirilgan, boshqa axborot vositalari, jumladan, «Gazeta.uz»ga bu haqda xabar berilmagan.

Muloqot davomida ishchi guruh rahbari Toshkent shahrida jamoat transporti tizimidagi muammolarni bartaraf etish orqali aholiga qulay transport xizmat ko‘rsatishini tashkil etish maqsadida bajariladigan ishlar haqida gapirgan.

«Mana, hozir [Toshkentda] juda ko‘p shaxsiy mashina bo‘lib ketdi. Tirbandliklarni ko‘ryapsizlar, ertalab [soat] 08:00 dan -10:00 gacha, kechqurun ishdan qaytishda umuman yurib bo‘lmay qoldi. [Odamlar] o‘zining mashinasidan ko‘ra, jamoat transportiga minsa, shunda [manzilga] tezroq boraman, xavfsiz boraman, deb bilsa, albatta, mana shu tirbandliklar ham kamayadi. Ya’ni [manziliga] shaxsiy mashinasida emas, balki jamoat transportida, avtobuslarda boradi», — dedi Po‘lat Bobojonov.

Muloqotdan so‘ng ishchi guruh va jamoatchilik vakillari Yunusobod tumanidagi bekatlarga borib, fuqarolarning trasport borasidagi fikrlari bilan tanishgan.

Reportajda ta’kidlanishicha, mas’ullar aholining e’tirozlari qanchalik haqiqatligini ko‘rish va tekshirish uchun turli yo‘nalishdagi avtobuslarga chiqib, jarayonlarni o‘rgangan, fuqarolar bilan suhbatlashgan. Shundan keyin «Chorsu» metro bekatiga ham tushilib, u yerdagi faoliyat bilan tanishilgan. Shuningdek, ishchi guruhi Chilonzor tumanidagi 7-son avtobuslar saroyiga borgan.

Qayd etish joiz, 13 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev poytaxtda jamoat transportidan foydalanadigan 1,3 mln yo‘lovchi uchun avtobuslar yetishmayotganini tanqid qilgandi. Shu kuniyoq prezident eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish hamda haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, bosh vazirga mart oyigacha Toshkentga 1000 ta avtobus olib kelish vazifasi topshirildi. Avvalroq buncha miqdordagi avtobuslarni 2025 yil oxirigacha sotib olish rejalashtirilgandi.

Prezident topshirig‘idan so‘ng transport vaziri Ilhom Maxkamov har hafta kamida 4 kun uydan ishga borishda avtobusdan foydalana boshladi. Buni vazirning o‘zi emas, balki «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdujamil Azizov ma’lum qildi.