Bugungi kunda passiv daromad olish yo‘llarini izlaydigan kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu, o‘z navbatida, ma’lum miqdordagi bo‘sh turgan mablag‘ni foydali biznesga kiritish va keyinchalik bir necha barobar ortig‘i bilan qaytarib olish takliflarining jozibadorligini oshiradi va qayta-qayta ogohlantirishlar, moliyaviy firibgarlar tuzog‘iga tushganlar hikoyalariga qaramay, aholi orasida aynan shu usul keng ommalashib bormoqda. Yetarli darajada moliyaviy savodxonlik va risklarni to‘g‘ri baholash ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan holda turli investitsion tashkilotlarga sarmoya kiritishning oqibati moliyaviy piramida qurboniga aylanish bilan yakun topmoqda.

Xo‘sh, moliyaviy piramida aslida nima va u qanday ishlaydi? Uning tarmoqli marketingdan qanday farqi bor? Bu kabi sxemalarga aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerak va mablag‘larni qayerga sarmoya qilgan ma’qul?

«Gazeta.uz» islom moliyasi eksperti hamda AAOIFI, CSAA, CIPA kengashi a’zosi Xondamir Nusratxo‘jayev bilan hamkorlikdagi materialida aynan shu savollarga javob beradi.

Paydo bo‘lish tarixi

Moliyaviy piramida dastlab 1919 yilda Amerikada italiyalik muhojir Charlz Ponsi tomonidan o‘ylab topilgan. Ponsi tezda boyib ketish sxemasini shakllantirib, The Securities Exchange Company kompaniyasiga asos soladi va odamlarga turli mamlakatlarda tovarlar sotib olish va sotish orqali pul ishlashni taklif qiladi. U italiyalik investorlarga 45 kun ichida investitsiya qilingan summaning 150 foizini qaytarib berishni va’da qiladi. 1919 yil avgust oyida kompaniya federal agentlar tomonidan tekshiriladi va piramida sxemasi sifatida tugatiladi.moliyaviy piramida

Suratda Charlz Ponsi

Xuddi shunga o‘xshash boyib ketish sxemasi amerikalik Bernard Meydoff tomonidan ham amalga oshirilgan. U AQShning eng ishonchli va obro‘li investitsiya fondlaridan biri bo‘lgan Madoff Investment Securities kompaniyasiga asos soladi. Investorlarga yillik 13 foiz daromad olishni va’da qilgan kompaniya, o‘zining nufuzli mijozlari sabab ko‘plab insonlardan mablag‘ jalb qilishga erishgan.

Keyinroq aniqlanishicha, firma oxirgi 13 yil davomida hech qanday omonat saqlash faoliyati bilan shug‘ullanmagan. Jabrlanuvchilar orasida 3 million kishi va yuzlab moliya institutlari jami 64,8 mlrd dollardan ortiq jamg‘armalaridan ayrilgan.

2009 yilda kompaniya direktori 150 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

moliyaviy piramida

Suratda Madoff Investment Securities asoschisi Bernard Meydoff

Jahon miqyosida MMM ($2 mlrd), Stanford International Bank ($8 mlrd), European Kings Club ($1,1 mlrd), Caritas ($1 mlrd) va Mutual Benefits Corporation ($1,25 mlrd) kabi yirik moliyaviy piramidalar qayd etilgan.

Qanday ishlaydi?

Aksariyat hollarda moliyaviy piramidalar huquqiy tomondan hech qanday muammolarsiz ro‘yxatga olinadi hamda loyihalar yoki biznes g‘oyalarini amalga oshirish taklifi bilan investorlarni jalb qiladi. Yo‘naltirilgan mablag‘lar loyihaning rentabelligi (daromadliligi) investorlarga va’da qilingan daromaddan past bo‘lgan taqdirdagina qaytariladi.

Buning muqarrar natijasi kompaniya va investorlarning bankrotligi bilan yakun topadi. Amalda, piramida qulagandan keyin qo‘yilgan mablag‘larning maksimal 15 foizini qaytarish mumkinligi isbotlangan.

Bugungi kunda moliyaviy piramidalarning bir va ko‘p darajali shakllari uchraydi.

Bir darajali piramida ko‘pincha ta’sischi nomi bilan ataladi. Uning markazida sxemaning barcha ishtirokchilarini nazorat qiluvchi tashkilotchi joylashgan bo‘ladi. Dastlabki investorlarning daromadlari keyingi sarmoyadorlarning badallari hisobiga shakllanadi.

Vaqt o‘tishi bilan ushbu tizim a’zolari soni ortib borgani sayin tashkilotchining foizlarni to‘lash majburiyatlari ham o‘sib boradi. Ammo ma’lum vaqt o‘tib majburiyatlar ko‘payib, sarmoyadorlar soni kamayadi yoki butunlay to‘xtaydi.

O‘yinning yakunida g‘olib faqat tashkilotchilar va unga yaqin odamlar bo‘ladi. Qolganlar esa barcha pullarini yo‘qotadi.

Ko‘p darajali moliyaviy piramida tizimi esa nafaqat har bir ishtirokchining kirish to‘loviga, balki uning yana bir nechta a’zolarni taklif qilish majburiyatiga ham asoslanadi. Ya’ni, daromad jalb qilingan odamlar soniga bog‘liq. Bunday sxema, hatto matematik nuqtai nazardan ham, uzoq davom eta olmasligi aniq.


moliyaviy piramida

Ko‘p darajali moliyaviy piramidaning ishlash sxemasi

Misol sifatida hisoblab ko‘ramiz.

Tashkilotchi 3 kishini tizim ishtirokchisiga aylanishga ko‘ndiradi va va har biriga 200 dollardan birlamchi badal kiritishni aytadi. Shuningdek, taklif qilingan har bir ishtirokchi uchun 50 dollardan berishni va’da qiladi.

Daromadlar: 200×3 kishi = 600 dollar.

Xarajatlar: 0.

Tashkilotchining 1-bosqichdagi foydasi 600 dollarni tashkil etmoqda.

Yuqoridagi 3 nafar ishtirokchi 3 kishidan yangi sarmoyadorni jalb qiladi.

Daromadlar: 200×9 kishi = 1 800 dollar.

Xarajatlar: 50×9 kishi = 450 dollar.

2-bosqichdagi sof foyda: 1 800 — 450 = 1 350 dollar.

Xuddi shunday tizim yana davom etadi.

Daromadlar: 200×27 = 5 400 dollar.

Xarajatlar: 50×27 = 1 350 dollar.

3-bosqichdagi sof foyda: 5 400 — 1 350 = 4 050 dollarni tashkil etdi.

Shunday qilib, moliyaviy piramidaning eng oddiy ko‘rinishidagi uch bosqichda tashkilotchining daromadi 6000 dollar ekani ma’lum bo‘ldi. Ishtirokchilar soni va foyda qanchalik ko‘p bo‘lsa piramida shunchalik tez qulaydi.

Tarmoqli marketing va moliyaviy piramida o‘rtasidagi farqlar

Tarmoqli marketing tijoriy faoliyatning qonuniy va ruxsat etilgan turidir. Ushbu yo‘nalish 1945 yildan buyon dunyoning ko‘plab mamlakatlarida rivojlanib kelmoqda.

Uning vazifasi — mahsulotlar haqida ma’lumot tarqatish, iste’molchilarni jalb qilish, tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishdan (har doim ham emas) iborat. Tarmoqli marketing asosida tashkil etilgan kompaniyalarga juda ko‘p sonli savdo yordamchilari jalb etiladi va piramida shaklida faoliyat yuritadi. Hozirda dunyo bo‘ylab 120 millionga yaqin aholi tarmoqli marketingning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritib faoliyat yuritib kelmoqda.

Quyidagi jadvalda tarmoqli marketing va moliyaviy piramida o‘rtasidagi asosiy farqlar ko‘rsatilgan.

Asosiy farqlar


Tarmoqli marketing
Moliyaviy piramida
1
Iqtisodiy faoliyat yuritish maqsadida kompaniyaga asos solinadi, ta’sischilar shakllantiriladi. Maxsus litsenziya va sertifikatlar, boshqa zarur hujjatlarga ega.
Bu turdagi kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tsa-da, noqonuniy faoliyat yuritadi. Mijozlar internet orqali jalb qilinadi, mablag‘lar offshor zonalarda saqlanadi.
2
Kompaniya zanjirli sotish tamoyili asosida faoliyat boshlaydi. Bu bozorni qamrab olish va mahsulotlarni maksimal darajada ilgari surish uchun zarur.
Piramidalar hech narsa sotmaydi va tarqatmaydi. Daromad faqat jalb etilgan mijozlar mablag‘lari hisobidan olinadi.
3
Savdo operatsiyalari yangi maslahatchilar oqimidan qat’iy nazar amalga oshiriladi.
Piramida marketing rejasiga ega emas. Mijozlar bo‘lmasa, piramida o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
4
Korxona aylanmasida mahsulot (tovarlar, xizmatlar) sotishdan olingan mablag‘lar mavjud bo‘ladi.
Kompaniya moliyaviy hisobot bermaydi. Bu hisob raqamlari va moliyaviy oqimni yashirish uchun qilinadi. Bundan tashqari, moliyaviy piramidalar tashkilotchilariga olingan mablag‘larni xorijda chiqarib olish ancha osonroq.
5
Kompaniyaning har bir xodimi aylanmasini oshirish uchun haq oladi, bonuslar tizimi, mukofotlar, martaba o‘sishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Piramidada uzoq istiqbolli rivojlanish yo‘q. Daromad faqat ilk bosqichda olinadi va bu har doim ham emas. A’zolarning asosiy maqsadi to‘lovga qobiliyatli bo‘lganlarni o‘yinga tortishdan iborat.
6
Tarmoqli marketing kompaniyalari birdaniga topiladigan millionlab pullarni va’da bermaydi. Aksincha, dastlab xodimlarni o‘qitib, moliyaviy yordam beradi va kompaniyada muvaffaqiyatli ishlash uchun sheriklarni topadi.
Tashkilot moliyaviy va korporativ tajribaga ega bo‘lmagan odamlar tomonidan boshqariladi, shuningdek, moliyaviy audit o‘tkazmaydi.
7
Kompaniyada shaxsiy daromad sotilgan tovar va qo‘shimcha olib kelingan savdo agentlarining faolligiga bog‘liq.
Tashkilot o‘z biznes-modelini (nimaning hisobiga foyda olinishini) tushuntirib bera olmaydi. Odamlarga kompaniya o‘zining asosiy daromadini qanday shakllantirayotgani tushunarli bo‘lishi kerak. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari do‘koni mahsulot sotishdan, quruvchilar esa ko‘chmas mulk sotishdan foyda oladi. Qoida bo‘yicha, moliyaviy piramida yaratuvchilari ushbu savolga javob bera olmaydi yoki yolg‘on kelishuvlar ortiga berkinadi.

O‘zbekistondagi holat

Aslida sarmoya kiritishning boshqa ko‘rinishlari ham mavjud: kimdir qurilish bosqichida ko‘chmas mulk sotib oladi, keyin esa ijaraga beradi yoki tayyor holatda sotadi, kimdir mashhur brendlardan qimmat sumkalar yoki bitkoinlar sotib oladi, yana kimdir bankda omonat ochadi yoki pulni «ishonchli» odamlarga foiz evaziga qarzga beradi.

2016 yilda «Ahmadboy ishi» jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Toshkent viloyatida Ahmadboy Tursunboyev boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh noqonuniy valyuta operatsiyalari bilan shug‘ullangan.

Jumladan, ayblanuvchi har yili 100 foiz dividend to‘lab berishni va’da qilib, fuqarolardan katta miqdorda milliy va xorijiy valyutadagi omonatlarni noqonuniy ravishda qabul qilgan. Bundan tashqari, Ahmadboy va uning sheriklari chet el valyutasini oyiga 40 foiz stavka bilan qarzga bergan.

2016 yilning yozida Ahmad Tursunboyev va uning sheriklari firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan.

Yaratilgan moliyaviy piramida natijasida jami 11 925 kishi jabr ko‘rdi. Hibsga olingan vaqtda omonatchilar oldidagi qarz 35 million dollarni tashkil qilgan. Sud jarayoni yakunlariga ko‘ra, Ahmad Tursunboyevga 14 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Afsuski, bu moliyaviy piramidaning yagona misoli emas. Masalan, omonat uchun yillik 260 foiz stavka taklif qilgan Golden Cash Store kompaniyasining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida bir necha ming fuqarolar jabr ko‘rgan.

Kompaniya o‘z mijozlariga bir necha turdagi omonatlarni taklif qilgan: haftalik 2−3 foiz daromad, oylik — 40 foiz va yillik uchun — 262 foiz daromad. Pullar plastik kartalarga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan.

2022 yilning yanvar oyiga kelib ushbu moliyaviy piramida faoliyati fosh etilganda bir necha ming fuqaro jabrlangani, shu bilan birga, tashkilotchilarga qiymati 100 dan 10 ming dollargacha bo‘lgan oltin va kumush buyumlar, shuningdek, boshqa mol-mulkni topshirgani ma’lum bo‘ldi. Moliyaviy piramidadan aziyat chekkan fuqarolardan biri uyini sotib, 10 700 dollar miqdorida sarmoya kiritgani aytiladi.

Jabrlanganlarning aksariyati Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston aholisidir. Bundan tashqari, firibgarlar qo‘shni MDH davlatlarida ham faoliyat yuritishgan.

Hozirda moliyaviy piramidalarga internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar ham jalb qilinmoqda. 2022 yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda Gift Of Legacy (GAP) deb nomlangan internet o‘yini tarqalgan edi. Fuqarolarga ma’lum miqdorda mablag‘ kiritish va boshqalarni ishtirok etishga da’vat etish taklif qilingan. Jami 8 kishi taklif qilinishi talab etilgan. Keyin esa «o‘yin» tugab, qatnashchi o‘z omonatini 7−8 karra miqdorda qaytarib olgan.

Odatda, bu turdagi piramida yaratuvchilari moliyaviy savodxonlikka ega bo‘lmagan odamlarni maksimal darajada jalb qilish uchun inflyuenserlarni yoki hozirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan bloger va vaynerlarni ishga soladi.

Xavfsizlikni ta’minlash

Moliyaviy piramidalar qurboni bo‘lmaslik uchun, birinchi navbatda, moliyaviy savodxonlikni oshirishga e’tibor qaratish lozim. Boshlanishiga mablag‘lar hisobini yuritish bilan mustaqil ravishda shug‘ullanish — daromad va xarajatlaringizni nazorat qilishingiz zarur. Moliya va investitsiyalar borasida zarur ko‘nikmalar mavjud bo‘lgan taqdirda, fuqaroni moliyaviy piramidaga jalb qilish qiyin bo‘ladi.

Illinois universitetining Talabalar pul boshqaruvi markazi (University of Illinois System’s Student Money Management Center) The Standard & Poor’s Ratings Services tashkilotining Global Financial Literacy Survey tadqiqoti hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab moliyaviy savodxonlik darajasi Daniya, Norvegiya va Shvetsiyada eng yuqori — 71 foiz yoki undan ortiqni tashkil etadi. O‘zbekiston aholisi 21−30 foiz atrofida moliyaviy savodxon hisoblanadi.

moliyaviy piramida

Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2020 yilning avgustida Markaziy bank tomonidan moliyaviy savodxonlik bo‘yicha axborot-ta’lim veb-sayti ishga tushirildi. Mazkur loyiha doirasida moliyaviy xizmatlarni tanlash va ulardan foydalanish, moliyaviy qarorlarni oqilona va mas’uliyat bilan qabul qilish hamda moliya bozoridagi imkoniyatlarni to‘g‘ri baholashga yordam beruvchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish vazifalari belgilangan.

Bundan tashqari, 2021 yilning aprelida umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda OTM talabalari uchun «Moliyaviy savodxonlik» o‘quv kursini fan sifatida joriy etish bo‘yicha prezident farmoni imzolandi. Dasturga ko‘ra, ilg‘or xorijiy o‘quv muassasalari va tadqiqot institutlari, moliya tashkilotlaridan yetakchi mutaxassislarni moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga oid ta’lim tadbirlariga keng jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga moliyaviy piramida bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish hamda bu kabi jinoyatlarni sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirish maqsadida jinoiy javobgarlik belgilandi.

JKning 188−1-moddasiga ko‘ra, moliyaviy piramidalar faoliyati bilan bog‘liq hatti-harakatlar eng kam ish haqining 100 dan 300 barobarigacha miqdoridagi jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishiga yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘ladi, jumladan:

  • mulkiy manfaat berish bo‘yicha zimmaga majburiyat olish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyat yuritish;
  • ilgari olingan majburiyatni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish;
  • shu turdagi faoliyatga rahbarlik qilish va faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash;
  • shu turdagi faoliyatda ishtirok etishga jalb etish maqsadida, jumladan, OAV va internet orqali reklama bilan shug‘ullanish.

Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulklarni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat olib borish hamda bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan OAV yoki telekommunikatsiya tarmoqlari hamda internetdan foydalangan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, EKIHning 300 dan 500 barobarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etish yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘ladi.

Mazkur faoliyat juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qayerga sarmoya kiritgan ma’qul?

Mavjud imkoniyatlar va muammolarning ko‘pligi hisobiga sarmoya kiritish platformalarining ham turli yo‘nalishlarini tanlash kerak. Shulardan biri — kriptovalyutalar bozori investoriga aylanishdir.

Muhim jihati, O‘zbekistonda bitkoin, efirium va boshqa alternativ altkoinlarni qonuniy sotib mexanizmni to‘liq shakllanib ulgurmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ilk marta 2018 yilda prezident blokcheynni joriy etish, kriptobozor, mayning, smart-shartnomalarni rivojlantirish — raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Keyinchalik, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Nizomga ko‘ra, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

2021 yilda ushbu agentlik tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga kripto-birjalarda kripto-aktivlar va tokenlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy va chet el valyutasida amalga oshirishga ruxsat berishni ko‘zda tutuvchi loyiha muhokamaga qo‘yilgan edi.

2021 yilning noyabrida esa tegishli buyruq bilan O‘zbekiston rezidentlari kriptoaktivlar va tokenlar bilan barcha turdagi operatsiyalarni milliy valyutada (so‘mda) amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.

Joriy yilning sentabr oyida esa O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar miqdori belgilandi. Jumladan, mayning faoliyati uchun — BHMning 10 baravari (3 mln so‘m), kripto-birja faoliyati uchun — BHMning 400 baravari (120 mln so‘m) kripto-do‘kon faoliyati uchun — BHMning 20 baravari (6 mln so‘m) to‘lov qilish kerak bo‘ladi.

31 oktabr kuni Adliya vazirligida kripto-do‘kon tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish qoidalari ro‘yxatdan o‘tkazilgandi. Unga ko‘ra, kripto-do‘kon elektron platforma va savdo obyekti orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Faqatgina, noyabr oyining oxiriga kelib, istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun Crypto Trade NET va Crypto Market kompaniyalariga birinchi litsenziyaларберилди.

Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan hamda agentlikning rasmiy veb-sahifasida foydalanish uchun ochiq hisoblanadi. Litsenziya olgan kompaniyalar Markaziy Osiyo va MDH hududidagi birinchi kripto-do‘konlar hisoblanadi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda musulmon aholi sonining ko‘pligi va rivojlanib borayotgan islom moliyasining ta’siri ostida — IMAN Invest platformasi sarmoyadoriga aylanishdir.

Bitkoin va shunga o‘xshash kriptoaktivlar mayning faoliyati sababli tabiatga (ekologiyaga) zarar keltirib va energetika sohasida noqonuniy faoliyat olib boruvchilar sonining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunday holatda ekologik sarmoya bilan shug‘ullanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ham ekologik ham musulmonlar uchun muqobil variant sifatida tanilgan IMAN Invest O‘zbekistondagi birinchi to‘liq islom moliyasi tamoyillariga asoslangan investitsion fond bo‘lib, investorlardan mablag‘larni jalb qilish va uni savdoga yo‘naltirish, savdodan kelgan foydani esa investorlar orasida taqsimlash bilan shug‘ullanadi.

Platforma sherikchilik asosida investorlardan mablag‘larni jalb qiladi va uni tijoratga yo‘naltiradi va shu tijoratdan kelgan foydani investorlar orasida taqsimlaydi. Qonun nuqtai nazaridan barcha investorlar shirkatning ta’sischilari hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, IMAN Invest kompaniyasi Global Islamic Fintech’ning 2022 yilgi hisobotida 375 ta islomiy Fintech kompaniyalari qatorida ro‘yxatga olingan. Taqdim etilgan ochiq ma’lumotlarga asosan bugungi kunda Battary Road, Tesla Capital (umumiy hisobda $350 000), Uzcard Ventures va Uzcard VC ($160 000), Le Mercierʼs va MyAsia ($45 000), Umay Angels Club hamda Block 0 ($70 000) venchur fondlari IMAN’ga investitsiya kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, islom moliyasi va uning O‘zbekistondagi o‘rnini batafsil yorituvchi material taqdim etilgandi.

Uchinchidan, O‘zbekistondagi fond bozori ishtirokchisiga aylanish. Daromadlarni to‘g‘ri investitsiyalash hamda firibgarlar qurboniga aylanmaslik uchun qimmatli qog‘ozlar bozori mexanizmlarini bilish kerak bo‘ladi. Bunda dastlab, tegishli brokerlik kompaniyasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, fond bozorining birlamchi ishtirokchisiga aylanish mumkin.

Dunyodagi yetakchi fond birjalariga NYSE, NASDAQ, LSE va boshqalar kiradi. Amsterdam fond birjasi dunyodagi eng ko‘hna birja sanaladi. Birja 1602 yilda tashkil topgan bo‘lib, shu yili tarixdagi ilk aksiyadorlik kompaniyasi — Gollandiyaning Ost-Ind kompaniyasi tashkil etilgan.

«Toshkent» Respublika fond birjasi — O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yagona fond birja. U 1994 yil 8 aprelda tashkil etilgan. Hozirda u yerda 99 ta kompaniya o‘z aksiyalari va 4 ta emitent (aksiya chiqaradigan kompaniya) o‘z obligatsiyalari bilan savdo qiladi.

Ro‘yxatga olingan qimmatli qog‘ozlar birjalarga joylashtiriladi, u yerdan ularni jismoniy va yuridik shaxslar — investorlar xarid qilishi mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.