«Gazeta.uz» O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning poytaxt jamoat transporti faoliyatini yaxshilash bo‘yicha topshirig‘idan so‘ng «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi tomonidan 100 dona Isuzu avtobusi xarid qilingani, yana 30 dona shunday mashinalar IIV, 25 tasi esa Milliy gvardiya tomonidan berilganini yozgan edi. Shu bilan birga, 2018 yilning mart oyidan boshlab prezident qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilmagan shahar yo‘lovchi transportini xarid qilish taqiqlangan edi.

«Avtobuslar martda bo‘ladi (prezident bahorgacha 1000 ta katta sig‘imli avtobus xarid qilish haqida topshiriq bergan edi — tahr.), lekin ikki yarim oy davomida yo‘lovchilar nima qilishi kerak? Bu muammoni zudlik bilan hal qilish kerak edi, shu bois IIV, FVV va Milliy gvardiya tomonidan avtobuslar ajratildi», — deya ma’lum qildi «Toshshahartransxizmat» (TSHTX) kompaniyasi boshqaruvi raisi, poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev «Gazeta.uz»ga.

«Isuzu — odamlar avtobus bekatlarida yarim soatlab kutib qolishmasligi uchun vaqtinchalik yechim. Bu Isuzu`larning keyingi faoliyati ham hisobga olindi: ular shahar chekkasiga qatnaydi, ishsiz qolmaydi. Ular viloyat markazlarini Toshkent bilan bog‘laydi», — dedi u.

Yangi avtobuslar xarid qilishdan tashqari, metroga 14 ta yangi poyezdlar komplektini yetkazib berishni tezlashtirish vazifasi ham qo‘yildi, deya qo‘shimcha qildi Anvar Jo‘rayev.

Kompaniya raisi o‘rinbosari Abdujamil Azizov 2025 yilgacha Toshkentdagi jamoat transporti harakat tarkibini to‘liq yangilash rejalashtirilganini ta’kidladi.

Huquq-tartibot organlari jamoat transportiga qanday yordam beradi?

Davlat rahbari topshirig‘iga binoan jamoat transporti muammolarini hal etish bo‘yicha tashkil etilgan tezkor shtab Transport vazirligi, shuningdek, IIV, FVV va Milliy gvardiya rahbariyati va xodimlaridan iborat.

Avvalroq TSHTKga avtobuslarning texnik holatini tekshirishda huquq-tartibot organlari xodimlari yordam bergani haqida yozgandik. Avtomobillarni ta’mirlash uchun 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Huquq-tartibot organlari marshrutlarni inventarizatsiya qilish hamda jamoat transportida muammoli joylarni aniqlashda ishtirok etdi. IIV YHXX endilikda jamoat transportining ajratilgan yo‘laklarini belgilash bilan shug‘ullanadi, shundan so‘ng yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, avtobuslarda to‘xtash qoidalari buzilishini qayd etish uchun kameralar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

isuzu, анvaр жўраев, jamoat transporti, тошshaharтрансхизмат

TSHTX binosi oldida fluorografiya va oftalmolog tekshiruvi. Bu yerda haydovchilar qon tahlilini ham topshirmoqda.

YHXX yangi avtobus haydovchilarini ishga olishda yordam bermoqda. Anvar Jo‘rayev 1000 ta yangi avtobus uchun 2000 nafar haydovchi topib, o‘qitish zarurligini aytdi. YHXX xodimlari shahar yo‘lovchi tashish tizimida avval ishlagan haydovchilarni chaqirmoqda. Suhbatga taklif qilinganlar TSHTX binosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

«Bizga har doim 300 dan ortiq haydovchi yetishmasdi. Shuncha haydovchilar yuk tashishga o‘tib ketishdi, chunki bizning maoshimiz yuk tashish bilan raqobatlasha olmadi», — dedi TSHTX rahbari. U haydovchilarning maoshi oshishi bilan «kasbning nufuzi ko‘tarilishi»ga ishonch bildiradi.

Anvar Jo‘rayevning aytishicha, Milliy gvardiya avtobus bekatlarini inventarizatsiya qilishga yordam bermoqda. Bekatlar shahar hokimligi balansida bo‘lishiga qaramay, ma’muriyat har doim ham kamchiliklarni hisobga olmaydi. Milliy gvardiya xodimlari bu masalada xolis, deb hisoblaydi TSHTX rahbari.