Joriy yilning 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida navbatdagi yalpi majlisga kiritilayotgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, qo‘mita tomonidan yalpi majlis kun tartibiga «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida» qonun kiritilayotganligi alohida ta’kidlandi.

Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish va ushbu shaxslar tomonidan realizatsiya qilinishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish jarayoniga ushbu shaxslarni jalb etish taqiqlanmoqda. Ushbu yosh chegarasi amaldagi qonunga nisbatan bir yoshga uzaytirilmoqda.

Majlis so‘nggida masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun joriy yilning iyun oyida Senatning 27-yalpi majlisida «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun rad etilgandi. Senator Odiljon Iminov uning asosiy tushunchalarini oydinlashtirish zarurligini, ziddiyatli normalar mavjudligi va huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur o‘rganilmaganini ta’kidlagandi.

Senat fevral oyida Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil oxirida qabul qilingan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunni dastlabki tarzda muhokama qildi. U 2011 yilda qabul qilingan amaldagi qonun va «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida»gi qonun o‘rnini egallashi kerak.