O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament va xalqqa murojaati davomida kelgusi yildan jamoat transportidagi vaziyat mutlaqo o‘zgarishini ma’lum qildi.

«Toshkent shahri uchun qo‘shimcha 1000 ta zamonaviy avtobus sotib olinadi, 7 ta yer usti metro bekati ishga tushiriladi. Bularning hisobiga, har kuni 500 mingdan ziyod poytaxt aholisi va mehmonlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi», — dedi davlat rahbari.

Hududlarda ham yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida, yana 1000 ta avtobus harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali, jamoat transporti bo‘yicha ahvol og‘ir bo‘lgan 300 ta mahalladagi 1 million aholining uzog‘i yaqin bo‘ladi.

«Hudo xohlasa Navro‘z bayramigacha (21 mart — tahr.) respublikaga 2000 ta avtobus olib kelamiz. Biz buni qilishimiz shart. Odamlar shuni talab qilayapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident jamoat transportining boshqa turlari, misol uchun tramvay masalasiga to‘xtalib o‘tmadi.

Toshkentga tramvay qaytarilishi rejalari haqida Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni ushbu elektr transport faoliyat ko‘rsatayotgan yagona shahar — Samarqandga tashrifi davomida ma’lum qilgandi. Noyabrda esa Transport vazirligi poytaxt ko‘chalariga tramvayni qaytarish zaruratini o‘rganayotganini qayd etdi.

Shu kunlarda Shavkat Mirziyoyev mart oyigacha 1000 ta avtobus yetkazib berish rejasini e’lon qilib, poytaxtda jamoat transporti ishini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu ishga IIV, Milliy gvardiya va FVV jalb qilingan.