Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi davomida konstitutsiyaviy islohotlar haqida gapirib o‘tdi.

«Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun, boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi. Shu bois, „Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat“ degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o‘tishga qodir bo‘lgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgan.

«„Jamiyat — islohotlar tashabbuskori“ tamoyili asosida, barcha masalalar bo‘yicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutamiz. Umuman, mazmuni „inson qadrini ulug‘lash“ ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak», — dedi davlat rahbari.

«Fuqarolarimiz bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi. Eng muhimi — har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor bo‘lishi va „Bu — mening Konstitutsiyam“, deb yuksak g‘urur va iftixor bilan ayta olishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.