Qonunchilik palatasi deputatlari 2022 yil uchun davlat budjetiga o‘zgartirish to‘g‘risida qonunni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda quyi palata deputati Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar qo‘liga shoshilinch berilgan Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi ko‘ra, 2022 yil budjetidan qo‘shimcha 2 trln so‘mdan ortiqroq mablag‘ ajratiladi.

Jumladan, davlat-xususiy sherikchiligi asosida asosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ortib borayotgani hisobiga ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha subsidiyalar ajratish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi 407,1 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda titilmoqda.

Bundan tashqari, issiqlik ta’minoti bo‘yicha aholiga past darajali tariflar qo‘llanishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 404,7 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Hududlarda zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida keyinchalik mahalliy budjetlarga qayta taqsimlash (o‘tkazib berish) maqsadida Moliya vazirligiga 1 mlrd so‘mga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imi xarajatlariga davlat budjetidan mablag‘ ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hisobiga 224,5 mlrd so‘m o‘tkazib beriladi.

«️Eng qizig‘i utilizatsiya yig‘imi kimlarga va qanday maqsadlarda ishlatilayotgani, monopolist UzAutoMotors utilizatsiya yig‘imini to‘layaptimi yo‘qmi, bu yashirilayotgan bir vaqtda davlat budjetidan utilizatsiya yig‘imi xarajatlariga 224,5 mlrd so‘m ajratish so‘ralishi mantiqsizlik. Katta ehtimol bilan xalqning g‘aznasidagi bu pullar monopolist kompaniyaning hisobiga o‘tkaziladi», — deb qayd etdi deputat.

Parlament a’zosi ko‘plab savollarga javoblar maxfiy qolayotgan bir vaqtda bu loyihaning qabul qilinishiga «to‘liq qarshi» ekanini bildirib o‘tdi.

Deputat Doniyor G‘aniyev ham 2022 yil budjetidan sanoat korxonalari eksport qilgan avtomobillar uchun chet mamlakatlarda to‘langan utilizatsiya yig‘imlarini kompensatsiyasi uchun 224,5 mlrd so‘m ajratilishini qayd etdi. «Olaveringlar, davlatimiz kamayib qolarmidi», — deya izoh qoldirdi u.

Keyinchalik deputat Rasul Kusherbayev UzAutoMotorsʼga 137,5 mlrd so‘m, SamAuto’ga 87 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi.

budjetnomaga muvofiq, 2021 yilda avtomobillarni eksport qilishda utilizatsiya xarajatlarini qoplash uchun davlat budjetidan 100 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgandi. UzAutoMotors avtomobillari eksportining 90 foizdan ko‘prog‘i Qozog‘istonga (qolgan qismi — Rossiya, Ukraina va boshqa davlatlarga) to‘g‘ri keladi. Ya’ni, aslida qozoqlar, ruslar, ukrainlardan undirilishi lozim bo‘lgan utilizatsiya yig‘imi sizu, biz to‘lagan soliqlar hisobidan qoplab beriladi, deya ta’kidlagandi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Noyabr oyida u 2022 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar bo‘yicha Uzauto motors to‘lashi lozim bo‘lgan utilizatsiya yig‘imi 7 trln so‘mga yetganini qayd etib, bu qarzdorlik to‘landimi yoki yo‘qmi deya savol bergandi. Rasmiy idoralar bu haqda hanuz ochiq ma’lumot taqdim etmadi.