Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan «Hududgaz Andijon» gaz ta’minoti filiali bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda departament matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu filialning Andijon shahar bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalar 839 mln so‘mlik gaz hisoblash uskunalarini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Sharof Rashidov tuman (Jizzax) bo‘limi tomonidan «Sharof Rashidov tumangaz» gaz ta’minot bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ushbu bo‘lim mansabdor shaxslari jami 93 mln so‘mlik gaz hisoblash uskunalarini o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.