O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga Abdushukur Xamzayev rais etib saylandi. Bu haqda 19 dekabr kuni partiyaning Markaziy Kengashida o‘tgan navbatdagi plenumida ma’lum qilindi. Bungacha mazkur lavozimni Narzullo Oblomurodov egallab turgandi.

Narzullo Oblomurodov 2021 yilning 30 dekabrda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi bo‘ldi. Shundan so‘ng ish yuklamasining ko‘pligi sababli o‘z arizasiga muvofiq Ekopartiya raisi lavozimidan ozod etildi.

Abdushukur Xamzayev 1973 yilda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan. 1995 yil Samarqand qishloq xo‘jalik institutini, 2013 yil Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi agronom olim. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor hisoblanadi.

Mazkur lavozimgacha Abdushukur Xamzayev 2022 yil iyun oyidan buyon Ekopartiyaning Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.