Qashqadaryo viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumanida 45 yoshli erkak o‘zini osib qo‘ygani aytilgan xabarga munosabat bildirdi.

16 dekabr kuni Yakkabog‘ tumani, Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashagan 1977 yilda tug‘ilgan erkak o‘zi yashab kelgan hovlining molxonasida o‘zini-o‘zi osib vafot etgan.

Tarqalgan xabarda bu haqda jamoatchilikka ma’lumot bergan mahalliy blogerlar ishda tumandagi 94-maktab direktorining «qo‘li borligi»ni aytgani qayd etilgan.

«Tumanda kimligi ham noma’lum bo‘lgan bloger menga shunday ayb qo‘yayapti. Aslida voqea ro‘y bergan kuni men shifoxonada bo‘lganman», — dedi Yakkabog‘ tumanidagi 94-maktab direktori Mahmud Rahmatov.

Direktorning Daryo nashri muxbiriga aniqlik kiritishicha, marhum va uning o‘rtasida janjal bo‘lgan.

«O‘sha kuni maktabdan chiqib ketayotganimda marhum sinfdoshim yo‘limni to‘sib meni haqorat qildi. Mast bo‘lganligi sababli avvaliga e’tibor bermadim. Ammo u onamni, singlimni haqorat qilib so‘kingach, u bilan janjallashdim. U meni urgani uchun o‘sha joyda hushimni yo‘qotganman. Keyin o‘zimga kelib, uyga qaytdim va shifoxonaga murojaat qildim. O‘sha kuni tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch yordam bo‘limiga yotqizildim. Sinfdoshim o‘z joniga qasd qilgan kuni men shifoxonada bo‘lganman», — dedi maktab direktori.

Marhumning o‘lim sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat bo‘yicha Yakkabog‘ tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakati olib borilmoqda.