17 dekabr kuni «Toshkent» aeroportining mahalliy aviayo‘nalishlar terminalida Airbus 321neo havo kemasi tantanali kutib olindi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Uzbekistan Airways tomonidan xarid qilingan to‘rtinchi Airbus 321neo havo kemasi kompaniya ekipaj a’zolari — Murodjon G‘ulomov va Vladislav Argov boshqaruvida olib kelindi. Mazkur samolyot Airbus zavodlaridan biri joylashgan Germaniyaning Gamburg shahridan 6 soatu 30 daqiqa ichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga yetib keldi.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati rahbari Kamola Ikromovaning ta’kidlashicha, ushbu havo kemasi 188 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Shundan 16 tasi biznes-klass, 172 tasi ekonom klass o‘rindig‘i hisoblanadi. Samolyotning maksimal uchish vazni 97 tonna bo‘lib, u 6850 km bo‘lgan masofagacha parvoz qilishi mumkin.

airbus a321neo, uzbekistan airways

Kamola Ikromova.

«Uzbekistan Airways o‘tgan yilning sentabridan kamxarjli tashuvlarni amalga oshirishni boshlagan. Chunki biz ko‘ryapmizki, pandemiyadan so‘ng yo‘lovchilarda biznes-klassga bo‘lgan qiziqish pasayib, ekonom klassga nisbatan talab ortib bormoqda. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida kamxarj bo‘lgan va yoqilg‘ini kam ishlatuvchi havo kemalarini sotib olishga qaror qildik. Joriy yil yakunigacha mana shunday samolyotdan yana bitta xarid qilamiz. Odatga ko‘ra, yangi samolyotlar avval yurtimizda ichki parvozlarni amalga oshiradi va test sinovlari o‘tgach, xalqaro parvozlarga qo‘yiladi. Bugun qabul qilib olingan to‘rtinchi Airbus 321neo havo kemasi ham sinov muddatidan so‘ng xalqaro yo‘nalishlarga qatnashni boshlaydi», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston prezidentining 21−22 noyabr kunlari Fransiyaga qilgan tashrifi doirasida Airbus kompaniyasi bilan keyingi 10 yillik uchun yangi kelishuv imzolangan. «Biz 10 yil ichida 12 ta yangi havo kemasini sotib olishni rejalashtirganmiz», — dedi Kamola Ikromova.

Tadbir davomida ishtirokchilar va OAV vakillari yangi avialayner va uning texnik xususiyatlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, fuqaro aviatsiyasi sohasi xodimlarining farzandlari ham qatnashdi.

May oyida «Gazeta.uz» Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotlar parkini birlashtirish doirasida bir nechta Boeing avialaynerlarini lizing beruvchiga qaytarib, Airbus samolyotlarini qabul qilib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.