Jahon banki taraqqiyot siyosatini qo‘llab-quvvatlash operatsiyasi (dunyoning turli davlatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi Bankning maxsus moliyaviy instrumenti) doirasida O‘zbekistonga moliyaviy mablag‘lar taqdim etishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatiga strategik islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan inklyuziv iqtisodiyot qurish, bozor institutlarini rivojlantirish va barcha fuqarolar iqtisodiy o‘sishning natijalaridan foydalanishlari uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi.

Jahon bankining hukumatga yordami moliyaviy paket shaklida taqdim etiladi. U 470 million AQSh dollari qiymatidagi imtiyozli kreditlar va 480 million AQSh dollari qiymatidagi past stavkali kreditlardan iborat.

Ushbu mablag‘lar Jahon banki tizimidagi kredit tashkilotlari — Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) tomonidan beriladi. Bunda XTA uchta kredit, XTTB esa past foiz stavka bilan qarz mablag‘larini (XTA va XTTB moliyalashtirish shartlariga muvofiq) 12 yildan 34 yilgacha muddatga taqdim etadi.

«Dunyoda hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston islohotlar yo‘lida qat’iy davom etishini namoyish etmoqda», — deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.

Uning fikricha, jahon bankining joriy operatsiyasi O‘zbekiston uchun 2017 yildan buyon mamlakatda inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida ko‘rsatgan keng ko‘lamli moliyaviy va texnik yordamimizga asoslanadi. Jahon bankining mamlakat bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturi O‘zbekistonning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor islohotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu operatsiya doirasida Jahon banki tomonidan taqdim etiladigan moliyalashtirish hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi, jumladan:

  • Fuqarolarni, shu jumladan, kambag‘al va zaif oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish maqsadida yangi Aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • xususiy sektorda ishlaydigan ayollar ish joylarida kamsitilishlarining xavfini kamaytirish maqsadida davlat tomonidan homiladorlik va tug‘ish («dekret») nafaqasi bo‘yicha to‘lovlarni kengaytirish;
  • moliyaviy xizmatlar bozorida nobank kredit tashkilotlari sonini ko‘paytirish va kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida shunday tashkilotlarning xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish;
  • davlat korxonalarini xususiylashtirish, raqobatni rivojlantirish, shuningdek ishbilarmonlik muhiti hamda xususiy sektorni rivojlantirish uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi jarayonlarini tartibga solish sohalarida yangi qonunchilik hujjatini ishlab chiqish;
  • mobil telekommunikatsiya aloqalari bozorida barcha ishtirokchilar uchun raqobat muhitini yaratish uchun ushbu bozorda xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish;
  • davlat korxonalarining moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni oshirish va ularning moliyaviy intizomini yaxshilash.

Tobora kengayib borayotgan global iqtisodiy noaniqlik, xalqaro moliya bozorlaridagi murakkablashib borayotgan holat hamda, oziq-ovqat mahsulotlari va energoresurslarning jahon bozoridagi narxlari o‘sayotganligi sharoitida Jahon banki joriy operatsiya doirasida davlat budjetini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.

16 dekabr holatiga ko‘ra, Jahon bankining O‘zbekistondagi mamlakat bo‘yicha dasturi 27 ta loyihani o‘z ichiga olgan.

Loyihalar hukumat tomonidan bank ko‘magida turli muhim sohalarda xususan, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti va kanalizatsiya, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim xizmatlarini, aholini ijtimoiy himoya qilishni, shahar va qishloq infratuzilmasini, innovatsiyalar, soliq ma’murchiligi, statistika idoralari va moliyaviy tizimlarni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Jahon banki aholi salomatligi, iqtisodiyot va fuqarolar farovonligi uchun hukumatga Covid-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatishda yordam berishda davom etmoqda.