Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — tarjimon va bloger, amerikalik tarixchi Adib Xolidning “O‘zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob” asarini o‘zbek tiliga o‘girgan jamoatchilik faoli Sardor Salim (loyihaning avvalgi mehmonlari ro‘yxati bilan quyida tanishish mumkin).

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Men asosan o‘zbek jamiyatida kechayotgan jarayonlarni yaxshiroq anglash uchun ijtimoiy-siyosiy mavzudagi kitoblarni o‘qiyman. Hozirda post-sovet o‘zbek jamiyati o‘z orzu-havaslari, g‘am-tashvishlarini ifoda etishi uchun yangi lison qidirmoqda. Jamiyatda ko‘zga tashlanayotgan bahs-munozaralar asosan Islom va sekulyarizm, Konstitutsiya islohoti va yakka insonning zulm qarshisida hech qanday ximoyalanmaganligi mavzularida bo‘layotgandek. So‘nggi vaqtlarda o‘qigan kitoblarim ham shu haqida. Kitoblarni asosan Kindle yoki Ipad’da mutolaa qilaman, original tilida o‘qishga harakat qilaman.

Islom va sekulyarizm

Peter L. Berger. “The Many Altars of Modernity. Toward a Paradigm for Religion in a Pluralist Age”. De Gruyter nashriyoti. 2014 yil. 162 sahifa

kitob, mutolaa, nima o‘qiymiz, sardor salim

Islom olami oldida turgan tahdid va muammolar biz 75 yil sotsializm qurishdek muvaffaqiyatsiz eksperimentlar bilan ovora bo‘lgan vaqtimizda yig‘ilib qolgan edi. Mustaqil bo‘lishimiz bilan ular jamiyatimiz hayotiga yana shiddatla qaytdi. Barcha musulmon mamlakatlari bu tahdidlarga o‘z tarixiy sharoit va imkoniyati, intellektual salohiyatidan kelib chiqib javob beryapti. Tabiiyki, bizning ham bu borada o‘z javobimiz bo‘lishi lozim.

Ana shunday muammolardan biri “bir yurtda ikki jamiyat” ziddiyati, ya’ni jamiyatimiz dunyoviylar va dindorlar qatlamiga ajralib qolayotganidir. Bu ajralish, o‘z navbatida, dinning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Hozircha bu muammolar nisbatan “beziyon” masalalar — Navro‘z yoki Yangi yil bayramini nishonlash, ayollar kiyimi (hijobi yoki mini yubkasi), erkaklar soqoli ustida boryapti.

Ammo shu “beziyon” tortishuvlar erta bir kun jangovar qiyofa kasb etmasligiga kim kafolat bera oladi? Tomonlar bir-birini ayblashga o‘tsa, muammo yanada chuqurlashmaydimi? Vaziyat taranglashishining oldini olish uchun o‘zaro tushunishga asoslangan muloqot va murosa lozim, deydi Peter Berger “Zamonaviylikning turfa mehroblari” asarida.


Joseph J. Kaminski. Islam, Liberalism, and Ontology. Routledge nashriyoti. 2021 yil. 198 sahifa

kitob, mutolaa, nima o‘qiymiz, sardor salim

Dindorlar va sekulyar qatlam o‘rtasidagi bahs-munozarani anglash uchun yordam beradigan yana bir kitob. Kitobda iddao qilinishicha, Islom ta’limoti va (musulmon jamiyatlariga “tepa"dan, sekulyar elita tomonidan singdirilayotgan) liberalizm mafkurasi ontologik jihatdan unchalik mos emas. Bu fundamental ravishda farq qiladigan yaxlit ikki dunyoqarash bo‘lib, ularni bir-biriga moslashtirish 1950−1960 yillarda Tunis, Liviya, Iroq va Misr kabi musulmon o‘lkalarda katta talofatlar va nizolarga sabab bo‘ldi.

Lekin bu ikki dunyoqarashning o‘zaro mos emasligi ular bir jamiyatda murosa qilib yashay olmaydi, degani emas. Bu kitob hozirgi o‘zbek ommasi sekulyar elita orqali G‘arb targ‘ib qilayotgan hukmron liberal (gender tengligi, inson, jumladan, ozchiliklar huquqlari kabi) diskursni nega unchalik qabul qilmayotganini, liberal qadriyatlarni singdirish o‘rniga nimalarga e’tibor berish afzalroq ekanligini anglash uchun muhim.

Konstitutsiyani o‘zgartirishga harakatlar

Andras Sajo. “Limiting Government: An Introduction to Constitutionalism”. Central European University Press nashriyoti. 1999 yil. 308 sahifa

kitob, mutolaa, nima o‘qiymiz, sardor salim

O‘zbekiston Konstitutsiyasi isloh qilinmoqda. Bu “islohotlardan” aytilgan emas, ko‘zlangan asl maqsad nima ekanligini tushunish uchun konstitutsion huquq bo‘yicha dunyoda eng kattta mutaxassislardan biri bo‘lmish Andrash Shayoning kitoblarini o‘qish lozim. Har qanday konstitutsiya aslida faqatgina iqtidor haqidadir: unda iqtidorga “kim nimaga qay usulda va qachon” ega bo‘lishi belgilangan bo‘ladi. Demak, konstitutsionalizm (konstitutsiyalarni isloh qilishda qo‘l keladigan tamoyillar va qarashlar yig‘indisi) iqtidorni cheklash haqidadir.

Puxta o‘ylangan konstitutsiyada hokimiyatlar bo‘linishi, iqtidorni tiyib turish, inson huquqlari kabi mexanizmlar ko‘zda tutilgan bo‘ladi va bu iqtidordagilarni jilovlaydi. Xo‘jako‘rsinga isloh qilingan konstitutsiyada esa har narsa ko‘zda tutilgan bo‘ladi, faqatgina iqtidorni jilovlash, tiyib turish mexanizmi deyarli ko‘zda tutilmagan bo‘ladi. Bu esa, ertami-kechmi, avtoritarizm, zulm va mansab suiste’moliga olib keladi.

Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasini ham jumhuriyatchilik nuqtai nazaridan kelib chiqib isloh qilish payti kelgan.


Philip Pettit. “Republicanism. A Theory of Freedom and Government”. Clarendon Press nashriyoti. 1997 yil. 320 sahifa

kitob, mutolaa, nima o‘qiymiz, sardor salim

Post-sovet o‘zbek jamiyati o‘z orzu-havaslari, g‘am-tashvishlarini ifoda etishi uchun yangi lison qidirmoqda. Sotsializm g‘oyasi 75 yillik sovet davrida o‘zini diskreditatsiya qildi. Liberalizm yoki millatchilik turli sabablarga ko‘ra o‘zbek jamiyatda keng ildiz otmadi. Spontan muhofazakorlik keng tarqalmoqda, lekin muhofaza qilishga arzigulik qadriyatlar mavjudligi hamon savol ostida. Diniy lisondan foydalanishning, garchi o‘ziga yarasha afzalliklari bo‘lsa-da, hozirgi fikriy tanazzul davrida tushunmovchilik va natijada bo‘linish, tafriqaga sabab bo‘lishi mumkin.

Aynan respublikachilik (jumhuriyatchilik) o‘zbek jamiyatining intellektual va axloqiy yangilanishi uchun tayyor lisonni taqdim qila oladi, yangilanish loyihasi aynan respublikachilik tamoyillari asosida bo‘lishi kerak. Respublikachilik liberalizmdagi inson erkinligiga, sotsializmdagi ijtimoiy tenglikka, millatchilik (natsionalizm)dagi siyosiy millatga, dinga asoslangan g‘oyalardan insoniy fazilatga bo‘lgan urg‘u kabi eng yaxshi hislatlarini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, yuqoridagi mafkuralarning ba’zi kamchiliklaridan xoli mafkuradir.

Endilikda masala respublikachilik tamoyillari asosida amaliy dasturlar va siyosatlarni ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘lib qolmoqda.

“Kichik inson” va zulmga qarshi turish

Quyidagi uch esse mushtarak mavzuda: qanday qilib inson davlat mashinasining ongsiz bir bo‘lagidan ongli fuqaroga aylanadi? Qanday qilib adolatsiz siyosatdan norozilar, “men ham bu yurtning fuqarosiman va uning taqdiriga befarq emasman” deganlar iqtidor bilan to‘qnashuvga bardosh beroladi? Va, alaloqibat, qanday qilib jamiyatda ma’nili ijobiy o‘zgarishlar yuz beradi?

Vatslav Gavel. “Power of Powerless” (“Kuchsizlarning kuchi”) essesi. 1978 yil

kitob, mutolaa, nima o‘qiymiz, sardor salim

Vatslav Gavel tarixda o‘rtamiyona dramaturgik asarlari yoki 12 yil davom etgan Chexiyaga prezidentligi bilan emas, aynan shu, o‘zbek tiliga Xamid Sodiq tarjima qilgan falsafiy essesi sabab qoladi. Muallif kommunistik Chexoslavakiyada jamiyat zulmni muqobili yo‘q me’yor, shunday bo‘lishi kerak bo‘lgan hol-ahvol sifatida qabul qilishini, zulmga ko‘nikib yashashini tahlil qilgan va totalitarizmga qarshilik yo‘llarini tadqiq etgan. “Yolg‘on ichra yashash” (Living within a lie) va uning aksi — “Haqda yashash” (Living in truth) essening eng muhim tushunchalaridan.

“Yolg‘on ichra yashash” nima degani? Kommunistik rejim o‘zini qudratda saqlab qolish uchun boshqa, soddaroq, diktaturalardan farqli o‘laroq faqatgina tazyiq va zo‘ravonlikka tayanmagan, uning xizmatida borliqni yaxlit tushuntirib berishga qodir qudratli mafkura ham bo‘lgan. Gavel bu mafkurani “sekulyarlashgan din” deydi. Rejimning ramziy rituallarida ishtirok etmaslik, umum qabul qilingan o‘yin qoidalarini buzish “haqda yashash"dir. Haqda yashash norozilik namoyishlarini uyushtirish yoki isyon ko‘tarishni anglatmaydi (lekin Gavel, kezi kelsa, siyosiy kurashning bu usullarini ham inkor etmaydi). Haqda yashash, iloji boricha, davlat va uning repressiv apparati mavjud emasdek, inson o‘z kundalik hayotini aslida qanday yashamoqchi bo‘lsa, shunday yashashdir.

Hurlikka otilgan bu ilk qadamning oqibatlari inson uchun voy bo‘lishi mumkin, lekin qanday fikrlashdan, qanday musiqa janrini eshitishdan tortib qanday kiyinish yoki kitob o‘qish kabi inson hayotining barcha jabhalarini nazorat qilishga oshiq bo‘lmish diktaturalarda bunday hur yashash aksar hollarda ma’nili hayot va qarshilikning yagona ko‘rinishidir. Gavel buni aksilsiyosiy siyosat deydi. Zulm davrida haqda yashash mazlumlarning, kuchsizlarning kuchidir. Va bunday haqda yashash zulmning kuchini kesadi, Sharqiy Yevropa va SSSRning keyingi taqdiri ko‘rsatganidek, uning poydevoriga qo‘yilgan dinamitdek xizmat qiladi.


Aleksandr Soljenitsin, “Жить не по лжи!” (“Yolg‘onda yashamaslik!”) essesi. 1974 yil

kitob, mutolaa, nima o‘qiymiz, sardor salim

Vatslav Gavel o‘zining 100 betlik essesida totalitar zulmga qarshilikning g‘oyaviy asoslarini faylasufdek batafsil va bosiqlik bilan tahlil qilgan bo‘lsa, Aleksandr Soljenitsinning 4 betlik essesi ko‘proq payg‘ambarona otashin xitob tarzida yozilgan. “Payg‘ambarona” degani shu ma’nodaki, Soljenitsin nafaqat o‘zi haqni gapirgan (va o‘z e’tiqodi uchun balolarga qolgan), balki u SSSRda kommunistik rejim shaklini olgan zulmni yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan (va haqiqatda ham, rejim qulashiga birmuncha hissa qo‘shgan) kuchni hammadan oldin ayta olgan. Bu esse samizdat (o‘znashr)da chop etilgan kunning ertasiga, 1974 yilning 13 fevralida Soljenitsin “aksilsovet faoliyati” uchun SSSR fuqaroligidan mahrum etilib, GFRga badarg‘a qilingan.

Barcha zamon va makonlarda zulm va yolg‘on bilan kurashishning uch usuli bo‘lgan. Birinchisi, inqilobchi, jihodchi va hokazo radikallar tanlagan yo‘l bo‘lib, unda zulmga qarshi qo‘lda qurol bilan kurashiladi. Lekin siyosiy tarix yaqqol ko‘rsatganidek, qurolli kurash aksar hollarda yana ko‘proq zulmga sabab bo‘ladi. Ikkinchi yo‘l “kichik ishlar nazariyasi” bo‘lib, unga ko‘ra tizimni ichdan, qadam-baqadam isloh qilish mumkin. Lekin bu usulning zaifligi, birinchidan, tizimning asoslarini isloh qilishga vaqt kelganda, hech kim bunga yo‘l qo‘ymaydi, ikkinchidan esa, har qanday tizim ham isloh qilinishga arzimaydi. Masalan, isloh qilingan kommunizm baribir kommunizmdir, isloh qilingan SSSR yana o‘sha SSSRdir.

Zolim hokimiyatning ideal tab’asi (fuqarosi) — o‘taketgan natsist yoki kommunist emas, balki u uchun fakt bilan uydirma, haqiqat bilan yolg‘on orasida ortiq farq qolmagan oddiy, “kichik” insonlardir. Dissidentlar mana shu — na qahramon, na inqilobchi bo‘lgan oddiy insonlarga o‘zi uchun yolg‘on nimayu haqiqat nima ekanligini aniqlab olib, oshkor jamoaviy yolg‘ondan prinsipial va tadrijiy voz kechishni zulmga kurashishning uchinchi yo‘li sifatida taklif qildilar. Birinchi pallada hammasi bir tekis kechmaydi, bu yo‘l — qarshilik ko‘rsatishning barcha yo‘llari ichida eng mo‘'tadili — qamalib ketganlar uchun oson bo‘lmaydi, lekin mumkin bo‘lgan yo‘llardan eng osoni bo‘ladi, deydi Soljenitsin. Biz hatto shunda ham qo‘rqoqlik qilsak, biz — past, mayda, umidsiz omilarmiz va Pushkinning bu nufuri bizgadir:

Podalarga erk tuhfasi yot:
Bichilish va qirqilish — marra.
Meros emish avlodma-avlod
Bo‘yinturuq, halqa va darra.


Czesław Miłosz. “The Captive Mind” (“Bandi ong”) to‘plami. 1953 yil

kitob, mutolaa, nima o‘qiymiz, sardor salim

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Cheslav Miloshning asari markazida — 1930−1940 yillar polyak ziyolilarining ruhiy hayoti. Yozuvchi Stalin talqinidagi marksizm-leninizm mafkurasining o‘sha davrdagi Sharqiy Yevropa, xususan, polyak intellektuallari ongiga singdirilishini, umuman olganda, ziyolilarning iqtidor va avtoritarizmga doimo maftun bo‘lib qolaverishini mahorat bilan tahlil qilgan.

Salkam 70 yil avval yozilgan “Bandi ong” asari bugun ham dolzarbmi? Fikrimcha, toki ziyolilar kommunizm, “bozor iqtisodiyoti”, “Islomiy davlat” kabi ijtimoiy-siyosiy ta’limotlarga ruju qo‘yib, ehtimoliy “porloq”, “buyuk” kelajak yo‘lida har qanday zulmni qabul qilishga (oqlashga) moyilligi mavjud ekan, bu kitob dolzarbligicha qolaveradi.

Yoshlarga tavsiyalar:

Yoshlar asosan o‘zini, hayotda o‘z o‘rnini qidirayotgan pallada bo‘lgani uchun ular “men kimman?”, “durust hayot nimadan iborat?” va shu kabi fundamental savollarga javob beradigan kitoblarni ko‘proq o‘qishi kerak deb xisoblayman. Shu nuqtai nazardan, tavsiyalarim:

  1. Islom dini bilan bog‘liq kitoblar tizimli o‘qilishi kerak. Qur’oni Karim, G‘azzoliyning “Ihyou ulumiddin. Dunyoni anglash kitobi” va hokazolar;
  2. Stoik falsafasi. Senekaning “Maktublar"i, Mark Avreliyning “Mushohadalar"i, Epiktetning “Enxiridion"i;
  3. Lev Tolstoy. “Путь жизни”;
  4. Dostoyevskiy va Chexovning barcha asarlari;
  5. Baltazar Gratsian. “Карманный оракул”.

Zamonaviy mualliflardan:

  • Cal Newport. “Deep Work”;
  • Oliver Burkeman. “Four Thousand Weeks: Time Management for Mortals”;
  • David Brooks. “The Road to Character”;
  • Sönke Ahrens. “How to Take Smart Notes. One Simple Technique to Boost Writing,Learning and Thinking” — talabalar uchun eng muhim kitob.