DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda UzA agentligi.

Ma’lum bo‘lishicha, Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yashovchi 6 nafar shaxs o‘zaro kelishgan holda Chilonzor tumanida joylashgan ko‘chmas mulk hujjatlarini soxtalashtirib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga uning 150 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent viloyatining Bekobod va Bo‘ka tumanlarida yashovchi, Toshkent shahridagi OTMlardan birining 2 nafar talabasi arizachining ukasini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa Sergeli tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs mansabdor tanishlari orqali Sariosiyo (Surxondaryo) tumanida yashovchi fuqaroning Butunrossiya davlat adliya universitetini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomini nostrifikatsiya qilish bo‘yicha imtihondan o‘tishida yordam berish evaziga undan 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.