Og‘ir atletika bo‘yicha Kolumbiyaning Bogota shahri mezbonlik qilayotgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik Ruslan Nurudinov -109 kg vazn toifasida mutlaq jahon chempioni bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

U dast ko‘tarish mashqida 177 kg, siltab ko‘tarishda 220 kg va umumiy hisobda 397 kg tosh ko‘tara oldi hamda 3 yo‘nalishda oltin medallarga egalik qildi. Bu uning faoliyatida ikkinchi jahon chempionatidagi g‘alaba bo‘ldi. Bundan oldin 2013 yil Rossiyada o‘tgan jahon chempionatida ham u umumiy hisobda 425 kg tosh ko‘tarib mutlaq ustunlikka erishgan va oltin medal olgandi.

Ushbu vazn toifasida kuchli uchlikdan o‘rin olgan erkaklar:

  • Ruslan Nurudinov (O‘zbekiston) — 397 (177+220) kg;
  • Giorgi Chxeidze (Gruziya) — 389 (170+219) kg;
  • Rafael Kastilyo (Kolumbiya) — 388 (174+214) kg.

og‘ir atletika

og‘ir atletika

og‘ir atletika

og‘ir atletika

Ruslan Nurudinov xalqaro maydondagi dastlabki g‘alabasini 2009 yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan va oltin medalga sazovor bo‘lgan. 2011 yili Fransiyadagi jahon chempionatida shtangani siltab ko‘tarishda kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2012 yili Janubiy Koreyada o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan va London Olimpiadasida kuchli to‘rtlikdan joy olgan.

Keyinroq og‘ir atletikachining tekshiruvdan o‘tkazilgan 2012 yilgi doping namunasi musbat natija bergan. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi uni vaqtincha sportdan chetlatib, Olimpiadada erishgan natijalari, jumladan ballari bekor qilinib, medal va sovrinlari musodara etilishi haqida ma’lum qilingan edi.

2013 yil og‘ir atletikachi uchun har tomonlama muvaffaqiyatli bo‘ldi. Dastlab mamlakat chempionatida g‘alaba qozongan Ruslan Osiyo chempionatida ham uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Iyul oyida Jahon univesiadasida ikki marotaba rekord o‘rnatib, chempion bo‘lgan.

2016 yilgi olimpiadada og‘ir atletikachi Ruslan Nuridinov siltab ko‘tarishda Olimpiya rekordini yangilab, Riodagi o‘yinlarda oltin medalni qo‘lga kiritgan.