Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov turkiyalik investor, informatsion tizimlarga ixtisoslashgan Streat kompaniyasi rahbari Zeynep Yildirim bilan uchrashuvda avtomobil yo‘llarida Turkiya investitsiyasi hisobiga «Aqlli yo‘l» tizimini joriy etish masalasini muhokama qildi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Vodiy viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilayotgan ushbu loyiha uchun 10 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirish ko‘zda tutilayotganini ma’lum qilgan Zeynep Yildirim, avtotransport oqimini boshqarish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida ushbu tizim joriy etilgan xorijdagi hududlarda erishilgan ijobiy natijalar haqida ma’lumot berdi.

«„Aqlli yo‘l“ tizimi yo‘l-transport hodisalarining, jarohat olish va o‘lim holatlarini 90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. To‘laligicha inson omilisiz ishlovchi ushbu tizim, quyosh energiyasi yordamida ishlovchi infraqizil nurlarga ega radarlar hamda kameralar, elektron tablolar bilan jihozlangan bo‘lib, kerakli vaziyatlarda hodisa joyiga yo‘l harakati xavfsizligi, tez yordam va favqulodda vaziyatlar bo‘linmalarini avtomatik chaqirish imkoniyati mavjud», — deyiladi xabarda.

Hokimlikning qayd etishicha, sim kartalar yordamida internetga ulanish imkoniyati hamda elektr tarmog‘i tortish ehtiyoji yo‘qligi, bu tizimni qisqa muddatda istalgan hududda joriy etish imkonini beradi. Tizim tezlikni oshirish, qizil chiroqda o‘tish, qoidani buzgan holda quvib o‘tish, kamarsiz harakatlanish, qoidaga hilof ravishda burilish, yo‘l qatnov qismining piyodalar kesib o‘tishi uchun mo‘ljallangan qismida qoidaga amal qilmaslik va boshqa ko‘plab holatlarda muayyan hududda yoki yo‘l qismida to‘la nazoratni ta’minlaydi.

Uchrashuvda viloyatda «Aqlli yo‘l» tizimi joriy etiladigan hududlarni belgilash yuzasidan hamkorlikda ish tashkil etish hamda yaqin muddatda loyihani amalga oshirishga kirishish yuzasidan kelishuv imzolashga kelishib olindi.