Ukrainaning «Ukrenergo» milliy energetika kompaniyasi 16 dekabr kuni mamlakat energetika tizimida favqulodda holat e’lon qildi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina energetika obyektlariga uyushtirgan yoppasiga raketa hujumi natijasida mamlakat yagona energetika tizimi iste’molining 50 foizi yo‘qotilgan.

Energetika tadqiqotlari markazi direktori Aleksandr Xarchenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu holat iste’molchilarning qariyb 50 foizi, xususan muhim infratuzilmalarni yorug‘lik ta’minlashning texnik imkoniyati yo‘qligini bildiradi. «Ya’ni, ko‘proq energiya ishlab chiqarish yoki uni tashishning hech qanday yo‘li yo‘q», — deya uning so‘zlarini keltiradi UNIAN.

Energetika vaziri German Galushchenkoning ta’kidlashicha, otishmalar natijasida kamida 9 ta ishlab chiqarish obyekti zarar ko‘rgan.

Juma kuni tushdan keyin Ukraina hududining navbatdagi o‘qqa tutilishi sodir bo‘ldi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Kaspiy va Qora dengiz mintaqalaridan mamlakatning muhim infratuzilmasiga 76 ta raketa uchirdi. Ulardan 60 tasi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan.

Portlashlar bir qator shaharlarda — Kiyev, Xarkov, Zaporoje, Dnepr va Krivoy Rogda qayd etilgan.

Kiyevda energiya infratuzilmasiga zarar yetkazilishi sababli suv ta’minotidagi uzilishlar, dedi poytaxt meri Vitaliy Klichko. Metroda poyezdlar harakati to‘xtatilgan.

Xarkov butunlay elektr ta’minotisiz qoldi, deya ma’lum qildi shahar rahbari Igor Terexov. U: «Ulkan infratuzilma, birinchi navbatda, energetika tizimi vayron bo‘lmoqda», — dedi va aholining uylarida nafaqat yorug‘lik, balki isitish ham yo‘q, suv ta’minoti ham uzilganini qo‘shimcha qildi.

Poltava viloyatida Poltava butunlay elektrsiz qoldi, deya ma’lum qildi shahar meri Aleksandr Mamay.

Krivoy Rog shahrida raketa zarbasi natijasida turar-joy binosiga kirish joylaridan biri vayron bo‘lgan. Ikki kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi yaralandi. Qurbonlar orasida ikki bola ham bor, deya xabar berdi Dnepropetrovsk viloyati ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko.